TENGLAR ICHRA TENG

Kecha xabar berganimizdek, futbol bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun kurash bugun ham davom etdi. Erta tongdan Navoiy shahridagi 16-umumta’lim maktabining kichik stadionida boshlangan ikkinchi kun o‘yinlari juda shiddat bilan kechib, murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Kuchlilar saralangan davra o‘yinlaridan keyingi kun ko‘zda tutilmagan burilishlar, voqealarga bisyorligi bilan futbol ishqibozlarini hayron qoldirdi. Ayniqsa, murosasiz bahslarning kutilmagan fintlar, ko‘z ilg‘amas harakatlar bilan davom etgani soha xodimlarining sportda ham chevarligi, mohirligini ko‘rsatdi. Kechagi o‘yinlarda yirik hisoblarda raqiblarini dog‘da qoldirgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi futbol jamoasi o‘yin davomida yetakchilikni qo‘ldan bermadi. Bugungi   kun tomoshabinlar uchun hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. Musobaqaning so‘nggi uchrashuvi ayniqsa, esda qolarli bo‘ldi. Boshqarma bilan maydonga tushgan navbahorliklar nimalarga qodirligini isbotlashdi. Ammo, kuchlilarga tan bermay iloj yo‘q. Musobaqaning mutlaq g‘oliblari hech qanday e’tirozlarga o‘rin qoldirmadi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi g‘oliblikni hech kim bilan bo‘lishishni xohlamadi. 
 Shunday qilib, natijani e’lon qilamiz. Xalq ta’limi boshqarmasi 1-o‘rinni, Navbahor tuman xalq ta’limi bo‘limi 2-o‘rinni, Qiziltepa tuman xalq ta’limi bo‘limi 3-o‘rinni ishg‘ol etishdi. Musobaqada munosib ishtiroki uchun Navoiy shahar xalq ta’limi bo‘limi rag‘batlantiruvchi mukofotni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi deb Uyg‘unjon O‘ktamov tan olindi. Faxriy o‘yinchi sifatida Sohib Naimov alohida rag‘batlantirildi. Musobaqani ko‘tarinki ruhda o‘tishini tashkillashtirishda munosib hissa qo‘shganligi uchun Ilhom Astanayevga Tashakkurnoma taqdim etildi. Bu uning tug‘ilgan kuniga alohida to‘yona bo‘ldi.


© 2016 Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasi
Оrqaga qaytish