ASOSIY VAZIFA – TA’LIM TARAQQIYOTI

   Kecha Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov ta’lim sohasidagi islohotlarning borishi, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ijtimoiy moslashuvlarini muvofiqlashtirish borasidagi ishlarni o‘rganish maqsadida Xatirchi tumanida tizim xodimlari bilan uchrashdi. Xalq ta’limiga yo‘naltirilgan mablag‘ inson kapitali bilan bevosita va uzviy bog‘liqligi, mamlakatimizda ijtimoiy sohaga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari katta qismi umumta’lim maktablar qurilishi, ularni rekonstruksiya qilish va joriy ta’mirlashga sarflanayotgani uzoqni mo‘ljallab yuritilayotgan oqilona siyosat ekanligini aytib o‘tdi. Xatirchi tumanida ijodkor, ziyolilar yetishib chiqqanligi, xususan, Po‘lkan shoir, adabiyotshunoslikning zabardast siymolaridan bo‘lgan G‘aybullo as-salomlar vorislari shu yurtda voyaga yetayotganligini ta’kidladi. Tuman xalq ta’limida keyingi yillarda yuzaga kelgan o‘qitishdagi kamchiliklar sababli, reyting ko‘rsatkichlari tushib ketganligini alohida qayd etib, muammolarni bartaraf etishning yechimlari to‘g‘risida o‘z tavsiyalarini berdi. Jumladan, oliy ta’limga kirish darajasini oshirish uchun o‘quvchilar bilan individual ish olib borish, psixologik yo‘nalishlarni aniq belgilash, variativ o‘quv rejalarini ishlab chiqish zarurligini uqtirdi.             Shuningdek, o‘quv tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirib, o‘quvchilarning kasbga ega bo‘lib maktabni bitirishga erishish lozimligini bildirdi. Yig‘ilish so‘ngida soha vakillarining fikrlari eshitildi. Yig‘ilish jonli va muhokamalarga boy tarzda o‘tdi.


© 2016 Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasi
Оrqaga qaytish