PRESS-TUR O'TKAZILDI

  Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i Marat Shamuratov vazifaga kirishganidanoq umumta'lim maktablarning qiyofasi va ta'lim mazmunini yaxshilashni o'z oldiga asosiy maqsad qilib belgilab oldi. Bugun mavjud 365 ta umumta'lim muassasalarida ayni shu yo'nalishda qizg'in ish olib borilyapti. O'qituvchilar toifasini tizimli oshirib borish, kadrlar seleksiyasi bilan shug'ullanish, keyingi 3 yillik ta'lim samaradorligi prognozini ishlab chiqish, jamoatchilik nazoratini o'rnatish ana shu ishlarning debochasi.
  Joriy yilning 10 fevral kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan ko'rsatkichi past maktablarga press-tur tashkil etish taklifi tushgan edi. Bugun Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil blogerlar, jurnalistlar bilan birgalikda Navbahor tumanidagi "qizil” toifadagi 24- va 4-umumta'lim maktablaridagi ta'lim holati, o'qitish jarayoni, rivojlantirish dasturlari bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi. Tumandagi ta'lim muassasalarida pedagog kadrlar salohiyatini oshirish, o'qituvchilarning malakalarini oshirishlari va o'z ustida ishlashlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish, sohada samarali faoliyat ko'rsatib kelayotgan fidoiy va tajribali pedagog-kadrlarni doimiy ravishda har tomonlama qo'llab-quvvatlash va davlat, tarmoq mukofotlariga tavsiya berish, 2021 yilda oliy ta'lim muassasalarini bitirib keladigan talabalarni tanlov asosida o'z mutaxassisligi buyicha umumta'lim maktablariga joylashtirish, ta'lim sifatini oshirish hamda xalqaro baholash tizimini joriy qilinishi PISA, PIRLS, TIMSS xalqaro miqyosdagi o'quvchilarni baholash dasturida ishtirok etishni tashkil etish masalalari kun tartibiga qo'yilgan. Shuningdek, IELTS”, "TOEFL”, ”APTIS for teachers” va boshqa turdagi qonun hujjatlarida belgilangan xalqaro sertifikatlarga ega bo'lgan chet tili o'qituvchilar sonini ko'paytirish buyicha tizimli ishlarni amalga oshirish belgilab olingan.
  Eng asosiy strategik yo'nalish sifatida ta'lim muassasalari 11-sinf bitiruvchilarining oliy ta'limga qamrovini 27 foizdan 50−60 foizgacha etkazish rejalashtirilgan. 2021 yilda variativ o'quv reja asosida sinflar sonini oshirish yo'lga qo'yiladi.
  Press-tur davomida 24-umumiy o'rta ta'lim maktabi foliyati o'rganildi. Maktabda 195 nafar o'quvchi tahsil oladi. Ularga 24 nafar pedagog xodimlar dars berib kelmoqda. Maktabni o'tgan 2019-2020 o'quv yilida bitirgan 17 nafar o'quvchining 1 nafari (5,8%) oliy ta'lim muassasasiga o'qishga qabul qilingan bo'lib, ushbu ko'rsatkich bo'yicha ta'lim muassasasi tumanda eng so'nggi o'rinda va "qizil” toifaga kiritilgan. Maktab direktori M.Berdieva 2019 yil yanvarь oyida direktor lavozimida faoliyat boshlagan. Maktab tumanning chekka hududida joylashganligi hamda ushbu maktabda malakali mutaxassislarga bo'lgan ehtiyojlarni inobatga olib, bitiruvchilarni joriy 2020-2021 o'quv yilida oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatkichini kamida 50% qilish rejalashtirilgan. Buning uchun maktabda barcha sharoitlar etarli, bundan tashqari maktab Navoiy davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda 4 nafar davlat granti asosida o'qiydigan bilimli va izlanuvchan 4 kurs talabalarini 8 soatdan dars bilan ta'minlagan. 1 nafar oliy toifali, 2 nafar 1-toifali, 6 nafar 2-toifali hamda 15 nafar mutaxassis o'qituvchilarni 2021 yilgi attestatsiya sinovlariga jalb qilingan. Sayohatning birinchi qismida jurnalistlar maktabning holatini (maktab 2020 yilda qayta qurilgan) ko'rib chiqishdi.
Sayohatning ikkinchi qismida maktabning 18 nafar 11-sinf bitiruvchilari bilan suhbat o'tkazildi. Shuning bilan 24 maktabga uyushtirilgan sayohat o'z nihoyasiga etib, navbatdagi manzilga, ya'ni 4 maktabga qarab yo'l olindi.
 Tumandagi 4-umumta'lim maktabida jami 423 nafar o'quvchilar tahsil olib, ularga 54 nafar pedagog xodimlar dars berib kelmoqda. O'tgan 2019-2020 o'quv yilida maktabni tamomlagan 26 nafar bitiruvchidan 2 nafari oliy o'quv yurtiga qabul qilingan. Bu umumiy ko'rsatkichning 8% ni tashkil qilganligi sababli, ushbu maktab ham "qizil” toifaga kiritilgan. Maktabga tashrif kutubxona faoliyati bilan qiziqishdan boshlandi. Maktabning 11-sinf bitiruvchilari bilan suhbat o'tkazildi. Maktabda jami 25 nafar bitiruvchilar mavjud bo'lib, ular qiziqishlari bo'yicha oliy ta'lim muassasasiga o'qishga topshirish istagini aytib o'tishdi. Navbatdagi uchrashuv maktabning o'qituvchilari bilan o'tkazildi. Ma'lumot o'rnida: maktabdagi 54 nafar pedagoglardan 3 nafari oliy toifali, 11 nafari 1-toifali, 15 nafari 2-toifali hamda 25 nafari mutaxassis. Jurnalistlar o'qituvchilar maktabda ta'lim sifatini oshirish, bitiruvchilarni oliy ta'limga ko'proq jalb qilish uchun belgilab olgan ustuvor rejalari xususida o'zaro suxbatlashishdi.
 Shundan so'ng tuman xalq ta'limi bo'limi faollar zalida "qizil” toifaga tushgan jami 4 ta maktab rahbarlarining taqdimoti o'tkazildi. Ushbu taqdimotda maktablar "qizil”dan chiqish hamda oliy ta'lim ko'rsatkichi bo'yicha 50% dan yuqori natijaga erishish uchun 3 yillik istiqbolli rejalarini namoyish etdi. Savol-javob tarzida o'tkazilgan taqdimotda jurnalistlar va blogerlar o'zlarini qiziqtirgan savollariga maktab rahbariyati va tuman xalq ta'limi bo'limi mudiridan tegishli javoblarni olishdi.


© 2016 Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasi
Оrqaga qaytish