Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasi nizomi.
NIZOM
1.Umumiy qoidalar


1. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi (keyingi o'rinlarda Boshqarma) O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga asosan viloyat Hokimiyati tomonidan tashqil etiladi va o'z faoliyati davomida viloyat Hokimiyati hamda O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tasarruflarida bo'ladi va ularga hisobot beradi.
2. Boshqarma o'z faoliyati davomida O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va Qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari va boshqa hujjatlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim to'g'risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida»gi qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda viloyat Hokimiyatining qaror va boshka me'yoriy hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Boshqarma ta'lim bo'yicha barcha quyi tashkilotlar faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi hamda bolalar va o'quvchilar ta'lim-tarbiyasining sifati uchun mas'ul hisoblanadi.
4. Boshqarma amaldagi qonunlarni tuman va shahar xalq ta'limi bo'limlarida hamda ta'lim muassasalarida to'g'ri ijro etilishini ta'minlaydi.
5. Boshqarma o'z faoliyatini viloyat hokimiyati tarkibidagi boshqa Boshqarma va bo'limlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Boshqarma va uning hududiy bo'linmalari, ta'lim muassasalarining moddiy-texnika ta'minoti, shuningdek ularda ishlovchi xodimlarning mehnatiga haq to'lash shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag'lar doirasida davlat byudjeti hisobidan hamda qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi hamda O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o'z nomi yozilgan muhrga ega bo'ladi.

II. Ta'lim soxasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari (O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim tugrisida»gi Qonuni. 3-modda)
8. Ta'lim sohasida davlat siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
ta'lim va tarbiyaning insonparvar va demokratik xarakterda ekanligi; ta'limning uzluksizligi va izchilligi;
umumiy o'rta ta'limning majburiyligi;
ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning barcha uchun ochiqligi;
ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
bilimli bo'lishni va iste'dodni rag'batlantirish;
ta'lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg'unlashtirish.
9. Boshqarmaning muhim maqsadli vazifasi - Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda 2004-2009 yillarda maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining asosiy tamoyillari va ustuvor yo'nalishlarini amalga oshirishdan iboratdir.

III. Boshqarmaning vazifalari va faoliyat yo'nalishlari
10. Boshqarmaning asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari quyidagilardan iborat:
maktabgacha, umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim tizimini rivojlantirishga yo'naltirilgan yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash, pedagogik kadrlar, ayniqsa, boshlang'ich sinf o'qituvchilarining malakasini va kasbiy mahoratini oshirish;
davlat ta'lim standartlarining, har tomonlama rivojlangan va mustaqil fikrlashga qodir shaxsni shakllantirish uchun shart-sharoitlarni ta'minlaydigan maktabgacha va maktabdan tashqari ta'limga qo'yiladigan talablarning bajarilishini ta'minlashni yo'lga qo'yish;
o'quv jarayoniga o'qitishning zamonaviy ilg'or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini hamda yangi texnik vositalarni joriy etish;
o'quvchilarga jamiyat va ilmiy-texnika taraqqiyotining zamonaviy talablariga javob beruvchi majburiy umumiy o'rta ta'lim berilishini ta'minlash, ta'lim sifatini oshirish yuzasidan ta'sirchan chora-tadbirlar ko'rish;
o'quvchilarga milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan yuqori darajadagi ma'naviy-ma'rifiy tarbiya berish, mamlakat taraqqiyoti, tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga yo'naltirilgan, milliy mustaqillik g'oyalari singdirilgan, Vatan va o'z xalqiga sodiq fuqarolarni shakllantirishga yo'naltirilgan ta'lim-tarbiyani amalga oshirish;
idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, maktabgacha, umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari ustidan uslubiy rahbarlikni ta'minlash;
bolalar va o'smirlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
ta'lim muassasalarida bolalar sportini rivojlantirish va uning sport moddiy bazasini kuchaytirishni ta'minlash.
11. Boshqarma o'ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Viloyat hokimiyatining tegishli bo'limlari, joylardagi davlat boshqaruv organlari, jamoat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda O'zbekistan Respublikasi «Ta'lim to'g'risida»gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, 2004-2009 yillarda maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining maqsad va vazifalarini amalga oshirishga yo'naltirilgan tadbirlarni ishlab chiqadi;
ta'lim muassasalari ish amaliyotiga umumiy o'rta ta'lim davlat standartlari, ilmiy yutuqlar va ilg'or pedagogik tajribalarning tadbiq etilishini ta'minlaydi;
ta'lim muassasalaridagi ta'lim-tarbiya jarayoniga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;
idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, umumta'lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari faoliyatini nazorat qiladi;
maktabgacha ta'limning, shu jumladan, bolalarni oila sharoitida tarbiyalashning samarali ruhiy-pedagogik uslublarini izlab topish va joriy etishni amalga oshiradi;
o'quvchilar bilan maktabdan tashqari ishlarni, jumladan bolalar turizmi, bolalar texnik ijodkorligi va xalq hunarmandchiligining mavjud turlari va shakllarini takomillashtiradi, ularning milliy turlari va shakllarini qayta tiklaydi va yangilarini joriy etadi;
bolalar sportini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, ommaviy sport va jismoniy tarbiya-sog'lomlashtirish tadbirlarini tashkil qiladi;
ta'lim muassasalarini o'quv dasturlari, rejalari, ko'rgazmali o'quv qo'llanmalari, o'quv jihozlari va texnik uskunalari, uslubiy qo'llanma va adabiyotlari bilan ta'minlash bo'yicha ish olib boradi;
umumta'lim maktablarining kutubxona zahirasini darsliklar, o'quv va badiiy adabiyotlar bilan boyitish hamda ta'lim jarayonida ulardan samarali foydalanish borasida tegishli ishlarni amalga oshiradi;
maktab-internatlarda, mehribonlik uylarida va maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarni ovqatlantirishning tashkil etilishi ustidan nazorat yuritadi;
ota-ona qarovidan mahrum bo'lgan bolalarni homiylik va vasiylik tashkilotlariga biriktirishda ko'maklashadi;
to'liq davlat ta'minoti asosida, etim bolalarni va ota-ona qarovidan mahrum bo'lgan bolalarni davlat va nodavlat ta'lim muassasalari ta'minotiga olish, o'qitish, tarbiyalash va kasb-hunarga tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratadi;
jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalarni o'qitish, tarbiyalash va ta'minlashni tashkil qiladi, ularni kasb-hunarga tayyorlashni, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini va moddiy ta'minotini, tibbiy xizmat ko'rsatilishini va sog'lomlashtirishni takomillashtiradi, ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablar tarmog'ini rivojlantiradi;
o'sib kelayotgan avlodni ma'naviy-ma'rifiy tarbiyalashning milliy mustaqillik g'oyalariga, xalqning boy milliy madaniy-tarixiy an'analarga, urf-odatlariga va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan samarali tashkiliy hamda pedagogik shakl va vositalarini joriy qiladi, shaxsni tarbiyalash va har tomonlama kamol toptirish ustuvorligini ta'minlaydi;
Viloyat ta'lim muassasalarining ota-onalar, oilalar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, jamg'armalar bilan ijodiy faol, O'zbekistan mustaqilligi g'oyalariga sadoqatli va jamiyat taraqqiyotiga aniq hissa qo'shishga layoqatli shaxsni kamol toptirish bo'yicha o'zaro yaqin hamkorlikni amalga oshiradi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda aholining maktabgacha ta'limga bo'lgan ehtiyojlarini qondirish, maktabgacha yoshdagi bolalarni to'laqonli jismoniy va aqliy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshiradi, bolalar va o'smirlar uchun maktabdan tashqari va o'quv-tarbiya muassasalari tarmog'ini rivojlantiradi, o'sib kelayotgan avlodning ijodiy faoliyatini va sog'lom hordig'ini, ularning qiziqishlari va istaklarini qondirishni, qobiliyati va iste'dodini har tomonlama rivojlantirishni ta'minlovchi muassasalar komplekslarini rivojlantiradi;
tasarrufidagi viloyat ta'lim muassasalari Nizomlarini tasdiqlaydi;
tasarrufidagi ta'lim muassasalariga ularda pulli (asosiy ta'lim dasturlarida nazarda tutilmagan) ta'lim xizmatlari ko'rsatish tizimini rivojlantirish yuzasidan yordam beradi;
Viloyat sog'likni saqlash Boshqarmalari bilan birgalikda bolalar, o'quvchilar va pedagoglarning salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlashni ta'minlash ishlarini amalga oshiradi;
ta'lim muassasalarida xorijiy tillarni faol o'rganish uchun zarur shart- sharoitlar yaratib beradi;
ta'lim muassasalaridagi jismoniy tarbiya dars va mashg'ulotlarining doimiy takomillashtirib borilishini ta'minlaydi, viloyat maktablari sport musobaqalarini, yosh turistlar slyotlarini, texnik ijodkorlik ko'riklarini, maktab olimpiadalarini hamda o'quv-tarbiyaviy yo'nalishdagi boshqa tadbirlarni o'rnatilgan tartibda o'tkazadi;
belgilangan tartibda maktabgacha, maktab, maktabdan tashqari ta'limning muhim masalalari bo'yicha yig'ilishlar chaqiradi;
tasarrufidagi ta'lim muassasalarini malakali mutaxassislar bilan ta'minlash va ularning malakasini oshirish bo'yicha tegishli ishlarni amalga oshiradi;
pedagog xodimlarni mehnatda yuqori ko'rsatkichlari, o'quvchi yoshlarni o'qitish va tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun hukumat va idoraviy mukofotlarga belgilangan tartibda takdim etadi;
vasiylik kengashlari faoliyatining tashkil etilishiga va ular bilan umumta'lim maktablari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni ta'minlashga ko'maklashadi;
o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining faoliyatiga, shuningdek, akademik liseylar va kollejlarning umumta'lim maktablari to'qqizinchi sinf bitiruvchilari bilan ta'minlanishiga ko'maklashadi;
fuqarolarning murojaatlarini vaqtida hamda to'g'ri ko'rib chiqilishini ta'minlaydi, fuqarolarning shikoyatlariga sabab bo'layotgan omillarni bartaraf etishga yo'naltirilgan tadbirlarni amalga oshiradi.
12. Boshqarma o'ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, hududiy bo'linmalari, tasarrufidagi boshqa muassasalar orqali amalga oshiradi.

IV. Boshqarmaning huquq va majburiyatlari
13. Boshqarma o'ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
maktabgacha, maktab, maktabdan tashqari ta'lim muassasalarida, ularning mulkchilik shakllari va bo'ysunishidan qat'iy nazar, O'zbekiston Respublikasi «Ta'lim to'g'risida»gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda ta'lim masalalari bo'yicha boshqa qonun hujjatlarining bajarilishini tekshirish;
ta'lim bo'yicha alohida masalalarni hal etish, ta'lim muassasalari ishlarini takomillashtirish, ularning o'quv-moddiy negizini mustahkamlash. malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash yuzasidan takliflarni ko'rib chiqish uchun O'zbekiston Resbulikasi Xalq ta'limi vazirligiga va viloyat hokimligiga kiritish;
o'z tasarrufida bo'lgan muassasalarning xodimlarini ishdan bo'shatish va ularni javobgarlikka tortish to'g'risida qonunchilikka zid ravishda qabul qilingan buyruqlarini bekor qilish;
kollegiya yig'ilishlarida Boshqarmaga taalluqli bo'lgan masalalar bo'yicha xalq ta'limi organlari va ta'lim muassasalari boshliqlarining hisobotlarini eshitish;
Boshqarma vakolatiga kiruvchi masalalar bo'yicha tegishli materiallar bilan tanishib chiqish uchun Boshqarma apparati va xalq ta'limi tizimi tashkilotlaridan jalb qilinadigan mas'ul xodimlarni ta'lim muassasalariga, tashkilot va korxonalarga yuborish;
Boshqarma amaldagi qonun hujjatlarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
14. Boshqarma maktabgacha, umumiy o'rta, maktabdan tashqari ta'lim sohasida davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlashga, shuningdek, o'ziga yuklangan vazifalarning bajarilishiga javob beradi.

V. Boshqarma faoliyatini tashkil etish
15. Boshqarmaga, viloyat hokimi tavsiyasi bilan O'zbekiston Respublikasi Xalk ta'limi vaziri tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshqarma boshlig'i rahbarlik qiladi.
Boshqarma boshlig'i bitta o'rinbosarga ega bo'ladi.
16.Boshqarma boshlig'i:
Boshqarma faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Boshqarma tizimidagi mansabdor shaxslarning vakolatlarini, ularning boshqarma faoliyatidagi alohida uchastkalarga rahbarligi va idoraviy mansub organlar va muassasalar ishlari uchun javobgarlik darajasini belgilaydi;
yukori turadigan davlat hukumati va boshqaruvi organlarining me'yoriy hujjatlari, viloyat hokimiyatining qarorlari asosida va ularni bajarish yuzasidan, o'z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi, ularning ijro etilishini tashkil etadi va nazorat qiladi;
Boshqarma apparati uchun kadrlar tanlaydi, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hisobida (nomenklaturasida) turuvchi xodimlarni tasdiqlash uchun O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziriga taqdim etadi hamda viloyat xalq ta'limi xodimlarining malakasini oshirish yuzasidan tadbirlar o'tkazadi;
belgilangan nomenklaturaga muvofiq apparat, quyi bo'g'in tashkilotlari va muassasalari uchun xodimlarni ishga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi.
17. Boshqarma, viloyat byudjeti mablag'lari hisobidan ta'minlanadi. Boshqarmaning tuzilmasi va shtatlari o'rnatilgan tartibda tasdiqlanadi.
18. Boshqarmada etti kishidan iborat kollegiya tashkil etiladi: Boshliq (Kollegiya raisi), Boshliq o'rinbosari (lavozimiga ko'ra), apparatning boshqa xodimlari, tuman (shahar) xalq ta'limi bo'limi mudirlari, ta'lim muassasalari rahbarlari.
Kollegiya tarkibi viloyat hokimiyati tomonidan tasdiqlanadi.
Kollegiya o'z majlislarida boshqarma faoliyatining asosiy masalalarini ko'rib chiqadi, tuman (shahar) xalq ta'limi bo'limlari mudirlarining umumta'lim maktablari, maktabgacha ta'lim muassasalari ustidan rahbarlik qilishlari, bolalar va o'quvchilarga berilayotgan ta'lim-tarbiya sifat darajasi, me'yoriy hujjatlarning bajarilish nazorati, pedagogik kadrlarni tanlash va ulardan foydalanish yuzasidan hisobotlarini tinglaydi, shuningdek, boshqarma vakolatiga kiruvchi boshqa muhim masalalarni ko'rib chiqadi.
Kollegiya qarori boshqarma boshlig'ining buyrug'i bilan amalga oshiriladi.
19. Boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.