BAYRAM TABRIGI

BAYRAM TABRIGI

Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Marat Xalmuratovich Shamuratovning viloyat xotin-qizlari, onalar, muallimalarga 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami tabrigi

  Assalomu alaykum, dilbar ayollar!
  Muhtaram opa-singillar, qalbi daryo muallimalar!

  O‘lkamizdagi bog‘lar jannatmonand qiyofa kasb etmoqda. Daraxtlarning gullaridan ulkan gulchambarga aylanib ulgurgan bog‘larga qarab, O‘zbekiston Qahramoni, marhum faylasuf shoir Abdulla Oripovning "Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim...”, deb boshlanuvchi she’ri beixtiyor yodga tushadi. Kurtak ochgan daraxtlarni, endigina nish urgan maysalarni ko‘rgan kishining ko‘zi hayratga to‘ladi. Negaki, bahor uyg‘onish, yasharish fasli. Uyg‘oqlik esa – yaratish demakdir. Uyg‘oq insongina tiriklik, hayotga zavq, bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘la oladi. Uyqudagi inson biror narsani yaratishga qodir bo‘lmagani kabi, ruhini mudroq bosgan, g‘aflatdagi odam yaxshilik, ezgulik va o‘zgarishlarga hissa qo‘shmog‘i amrimahol.
  Bahor faslining o‘zgacha sururi bor. Inson ruhiyatida borliqni bezatish, yaxshilik qilishga ishtiyoq paydo bo‘ladi, bu faslda. Ayniqsa, tabiat gultoji bo‘lgan ayollarimiz siyratida pokizalik, sarishtalik, yaratuvchanlik ko‘z ochadi. Farzandlarining unib-o‘sayotganini kuzatib, hayotdan masrur bo‘ladi. Bolaning begonasi bo‘lmaydi, degan aqidaga amal qilib kelayotgan bir kasb egalari borki, ular millatning kelajagini voyaga yetkazmoqdalar. Bu sharafli kasb egalari – o‘qituvchi, muallimalardir. 
Mamlakatimiz aholisining deyarli yarmi – 17 millioni xotin-qizlardan iborat. Bugun viloyatimizda 20707 nafar o‘qituvchilar yosh avlodga ta’lim va tarbiya berib kelayotgan bo‘lsa, ularning 73,4 foizi, ya’ni 15214 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Dunyoda ayol, ona borki, farzandlar farovonligi, yorqin kelajagida o‘zligini ko‘radi. Yuqorida tilga olingan buyuk toifaga mansub o‘qituvchilar mehnatida biz millatning ravnaqi, xalq buyukligini ko‘z oldimizga keltiramiz.
  Soha xodimlarining fidokorona mehnatlari hukumat tomonidan alohida e’tirof etilib, olis Uchquduq kengliklarida el farzandlariga qalb qo‘rini bag‘ishlab kelayotgan 7-umumta’lim maktabi kimyo fani o‘qituvchisi Nargiza Atakulova, 18-umumta’lim maktabi biologiya fani o‘qituvchisi Dilfuza Mirzayeva, 9-umumta’lim maktabi o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Inobat Qurbonovalar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining "Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, oltintoparlar vohasidan Zarafshon shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zoya Baxronova "Do‘stlik” ordeni, 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Anjelika Suyunova "Shuhrat” medali, ilmparvarlar yurti Nurota tumanidagi 11-umumta’lim maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Dilobar Adizova "Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Ko‘p yillardan buyon viloyat sha’nini ko‘tarib kelayotgan tajribali pedagog, Navoiy shahridagi 11-AFChO‘IM direktori Gulnora Jumaniyozova "Sog‘lom turmush” ordeniga sazovor bo‘ldi.
  2021 yilning "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanishida yetishib kelayotgan yigit-qizlarning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu amallar mujassamligini ko‘rish mumkin.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida gender siyosati masalalari borasida mamlakat ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidlab o‘tdi. O‘zbek xalqi ayolini e’zozlaydigan, bolajon xalq. Barchamiz ularning hayotdan rozi, bugunidan xushbaxt bo‘lishiga sa’y-harakat qilamiz. Zero, ayollar dunyo beshigini tebratadi.
  Hurmatli ayollar!
  Aziz opa-singillar, mehribon muallimalar!
  Barchangizni yaqinlashib kelayotgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy qutlaymiz. Baxtimizga sog‘, omon bo‘ling!


O'xshash yangiliklar