BO'LAJAK YURT POSBONLARI

BO'LAJAK YURT POSBONLARI

  Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining 2021-yil 16-martdagi apparat yig‘ilishi bayoniga asosan, Navbahor tumanidagi 31-umumta’lim maktabida joriy yilning 26 mart kuni "Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida chaqiriqqa qadar boshlang‘ich ta’lim fanining o‘qitilishi samaradorligini oshirish” mavzusida seminar tashkil etildi. 
  Seminar doirasida harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi. Tadbirni Navbahor tuman Mudofaa ishlari bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik B.Kimsanov ochib berdi. U o‘z so‘zida mazkur fanni tashkil etish va o‘tish, hujjatlar bilan ishlash, xonani jihozlash, vatanparvarlik burchagi, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi xonalarini tayyorlash, jasorat burchaklarini tashkil etishning asosiy jihatlari xususida gapirdi. 
  Navbahor tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 37 ta maktabning chaqiriqqa qadar boshlang‘ich ta’lim fani rahbarlari hamda har bir maktabdan 1 nafar o‘quvchilar ishtirokida harbiy-sport musobaqasi Nizom shartlariga muvofiq o‘tkazildi. 
  Shartlar quyidagicha: o‘quvchilar bilan 1-shart – saf mashqlari, safda yurish, qo‘shiq aytish, saf buyruqlarini bajarish. 2-shart – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tuzilmalari to‘g‘risida nazariy bilimlar sinovi. 3-shart – AK-74 harbiy qurolini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish. O‘qituvchilar bilan: 1-shart – saf mashqlari, safda yurish, qo‘shiq aytish, saf buyruqlarini berish. 2-shart – maxfiy kodni ochish. 3-shart – granatani nishonga uloqtirish, 100 metrga yugurish. 
Bunday amaliy seminarlardan kutilgan maqsad – o‘quvchi yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga ishtiyoq paydo qilish, vatanga muhabbatni oshirish, harbiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshirishdagi imtiyozlar bilan o‘quvchilarni tanishtirishdir. Tizimli yo‘lga solingan bu kabi tadbirlar sonini ko‘paytirish amaliy natijasini berishi tabiiy.

O'xshash yangiliklar