O'QITUVCHI VA MURABBIYLAR BAYRAMI KENG NISHONLANDI

O'QITUVCHI VA MURABBIYLAR BAYRAMI KENG NISHONLANDI

   Navoiy viloyatidagi umumta'lim maktablarida 200 ming nafarga yaqin o'g'il-qiz salkam 18 ming nafar ustoz va murabbiylardan saboq olishib, ilm sirlarini o'rganmoqdalar.Ta'limning endilikdagi milliy tiklanishdan jadal yuksalish bosqichida ustozlar zahmati tufayli bir qator viloyat yoshlarida iqtidor imkoniyatlari ochilib, bugun viloyat yoshlari o'ndan oshiq mamlakatlarning nufuzli oliy o'quv yurtlarida tahsil olmoqdalar.
   E'tirof etish joizki, so'nggi 3 yil davomida ta'lim muassasalarida qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 255,2 mlrd.so'm mablag' yo'naltirilganligi sohaga va yosh avlod kamolotiga qaratilgan yuksak e'tibordan dalolat beradi.
   Navoiy viloyatida ham 1 oktabr –O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Respublikamiz Prezidenti Farmoniga ko'ra mehnatda namuna ko'rsatgan, o'z kasbining fidoyisi bo'lgan, yosh avlodni istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalagan 9 nafar navoiylik o'qituvchi va murabbiylarga Vatanning yuksak mukofotlarini topshirish tantanalari bo'lib o'tdi. Unda mamlakatimiz rahbarining Ustoz va murabbiylarga bayram tabrigi o'qib eshittirilib, bugun sohada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan e'tirof etildi. Chunonchi, birgina joriy yilda 15 ta umumta'lim maktabining investision hamda 26 tasining esa "Obod qishloq” dasturlari asosida mutlaqo yangi qiyofa kasb etganligi shular jumlasidandir. Shuningdek, viloyat o'qituvchi va murabbiylarining fidokorona mehnati tufayli "Fan olimpiada”si ko'rik-tanlovining Respublika bosqichi natijalariga ko'ra Navoiy viloyati umumjamoa hisobida mamlakatimizda faxrli 2-o'rinni qo'lga kiritgani ta'kidlandi. Anjumanda so'z olganlar respublikamizda mas'uliyatli mehnatlari munosib taqdirlangani, ustozga ehtirom umumxalq bayrami miqyosiga ko'tarilganligi, o'qituvchi va murabbiylarni moddiy va ma'naviy rag'batlatlantirish, g'amxo'rlik ko'rsatish davlatimiz va hukumatimiz siyosatining ustivor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilanganligidan minnatdor ekanligini izhor etdilar. 
  Sohada va sportda bir qator yutuqlarga erishgani uchun sportning erkin kurash turi bo'yicha Qozog'istonda o'tkazilgan jahon chempionatida bronza medalini qo'lga kiritib, 2020 yil Yaponiyaning Tokio shahrida bo'lib o'tadigan olimpiya o'yinlariga ishtirok etish uchun lisenziyani qo'lga kiritgan Hasanboy Rahimovga "Neksiya”, uning murabbiysi To'ymurod Adizov "Spark” hamda bitiruvchilarining oliy o'quv yurtlariga kirishi ko'rsatkichi bo'yicha birinchi o'rinni egallagan Zarafshon shahar XTBiga Prezident sovg'asi sifatida Spark avtomobillari topshirildi. Shuningdek bayram bahona maorifga ko'p yillardan buyon beminnat homiylik qilib kelayotgan bir guruh tadbirkorlar hamda ishlab chiqarish quvvatlari rahbarlari rag'batlantirildi.
Bayram viloyat markazidagi Alisher Navoiy madaniyat va istirohat bog'ida umumxalq sayli sifatida tantana qilindi. Shu munosabat bilan viloyatning barcha shahar va tumanlaridan, olis va chekka qishloqlaridan soha ilg'orlari taklif etilib, ularga yuksak ehtirom ko'rsatildi. Chindan ham kishi qalbida ma'rifat chirog'ini yoqa olgan bunday insonlarning barchasi, albatta umumxalqning sharafli e'tiboriga munosibdir. Shuningdek bayram munosabati bilan Navoiy shahridagi "Tinchlik ” tantanalar uyida viloyat hokimligining rasmiy qabuli o'tkazilib, unda soha jonkuyarlari, ta'lim faxriylari bilan bir piyola choy ustida suhbat qurildi. Ustoz va murabbiylarga mas'uliyatli faoliyatlarida ijodiy barkamollik tilanib, anjuman katta konsert dasturi bilan davom etdi.

O'xshash yangiliklar