OLIS-YAQIN YULDUZLAR

OLIS-YAQIN YULDUZLAR

   Ma’rifatning buyuk asosi – bu ta’lim, tarbiya, o‘qish va o‘rganish. Shu o‘rinda buyuk bobokalonlarimizning Arab, Shom, Misr, Iroq, Makka, Madina singari mamlakatlarga borib, ilm olganlari, mashaqqatlar, turli tahdidlar, qum bo‘ronlari, ochlik va tashnaliklardan iborat bo‘lgan uzun, xatarli yo‘llarni bosib o‘tganlari ayni haqiqat. Bugungi dorilomon, tinch zamonda ilm olish uchun barcha sharoitlar muhayyo, imkoniyatlar mujassam. Inson baxtu saodati uchun xizmat qilayotgan beminnat dastyorlar: internet global tarmog‘i, media aloqa vositalari, turli ilmiy va ma’rifiy platformalar ilm olishning yengillashuvi, zahmat chekmasdan, hatto uydan chiqmasdan bilim olish imkoniyatlarini yaratib bermoqda. Ammo, bu borada inson omili, uning ishtiroki, chuqur tahlil, savol-javob, suhbat, bahs bilan kechadigan o‘zlashtirishning ahamiyatini temirtanlar, hissiz va shuursiz mashinalar bilan almashtirib bo‘lmaydi. 
   O‘zbekiston Rspublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrda qabul qilingan Farmoni ta’lim, ilm-fan, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xullas sohani takomillashtirishga qaratilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ilm kishisi qilayotgan mehnati, intellektual salohiyati uchun ma’lum ma’noda qoniqarli maosh olishiga erishilmoqda. Bu ham ishlashga bo‘lgan ishtiyoqning oshishiga  motiv bo‘ladi. Boshqa ma’muriy hududdan kelib ishlayotgan byudjet xodimlariga, agarda u yetarli malakaga ega bo‘lsa, 100 foizlik ustamalar berilmoqda. 
   Navoiy shahridan 140, Nurota tumanidan 70 kilometr uzoqlikda, tog‘lar qurshovida joylashgan do‘ppidekkina Sovuqbuloq qishlog‘idagi 46-umumta’lim maktabida Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidan kelgan o‘qituvchi ingliz tilidan ta’lim beryapti.  Soha bo‘yicha 10 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan Xayrullayev Feruz Toshkent Jahon tillari universitetining xorij filologiyasini ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha bitirgan.
   Maqsadim olis hududdagi o‘quvchilarga ingliz tilini bor jilolari, jilvalari, ohangi bilan o‘rgatish, ularni olimpiadalarga tayyorlash, yutuqlarini ko‘rib, quvonish. El ertasi bo‘lgan, bugun kelajakka umid va bir olam orzular bilan qarshi borayotgan yoshlarga qanot berish ezgu maqsadlarimdan biri.
   Yulduzlar yolqini insonni hamisha o‘ziga chorlab kelgan. Olis, million kilometr uzoqlikda joylashgan sayyoralar ham jilvasi bilan kishini ohanrabodek o‘ziga rom etadi. Biz tilga olgan muallim ham o‘quvchilarni xuddi shunday atrofiga jipslashtirganini ko‘rib, to‘g‘risi xotirjam bo‘ldik. Boisi o‘quvchilar ayricha qiziqish, astoydil intilish bilan tilga mehr qo‘yib kelyapti. Feruz muallim orbitasida hali yuzlab sovuqbuloqlik yoshlar zanjirning xalqasidek yorug‘ kelajakka tomon harakatlanadi. Olis-yaqin yulduzlar ularning yo‘lini yoritib turadi.

O'xshash yangiliklar