NEK NIYATLI NEKBOY MUALLIM

NEK NIYATLI NEKBOY MUALLIM

  Navbahor tumani so‘lim, xushhavo, diltortar go‘shalarga boy. Ko‘pchilik insonlarida ham hudud tabiatiga monand halimlik, mehmonnavozlik, gurungga shaydolikni ko‘rish mumkin. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining bir guruh xodimlari uzoq yillar sohada ishlab, matematika fanining rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan, keyinchalik Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasida Davlat ta’lim standartlari bo‘limini boshqargan faxriy o‘qituvchi, "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni, "Xalq ta’limi a’lochisi”, "Mustaqillikning 30 yilligi” ko‘krak nishonlari egasi Nekboy Rahmatovich Jo‘rayev xonadoniga tashrif buyurdi. 75 yoshni qarshilagan o‘qituvchi tomorqasida handalak, pomidorlarning ostini yumshatib, begona o‘tlardan tozalayotgan ekan. Bizni kutmagan chog‘i, biroz taradduddan keyin o‘ziga moslangan o‘rtamiyona ketmonini osma tok vayishiga qistirib, qo‘llarini yuvgach peshvoz chiqib, quyuq ko‘rishdi. U kishining tavozesidan ko‘pni ko‘rgan, ziyoli ekanligi bir qarashdayoq sezilib turardi.
 -Tong saharda turib piyoda yuraman, quyosh ufqdan bosh ko‘tarib, atrof oydinlashgach, tomorqadagi yumushlar bilan band bo‘laman. O‘zimni unchalik urintirmasdan, kuchni tejab ishlataman. Butun tanam yayrab, ruhiyat toblanadi, - deydi mohir pedagog. Aslida ham qishloq bolasimiz, yerni sog‘inamiz, tuproq hidi o‘ziga tortadi. U bilan tillashib, dasturxon bezagi, oilamiz kenjatoylari uchun turli xil sabzavotlar, poliz ekinlari parvarishlaymiz. 
 Shunday deya turib, bizlarni chog‘roqqina, naqshli chorpoyaga boshlaydi. Zum o‘tmay dasturxon noz-ne’matga to‘ladi. Mezbonning bahri-dili ochilib, har birimiz bilan quyuq so‘rashadi. O‘zining "kollega”lari kelganini eshitib, yanada ochilib ketadi. Aslida ayni paytda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ta’lim sifati monitoringi bo‘limi mutaxassisi Ramazon Safarov bilan birga ishlashgan, uni shogirdi sifatida izzatlar ekan. 
 Joylashib olgach, u kishining umr yo‘li to‘g‘risida surishtirib boshladim. Qalqondagi o‘rta maktabni bitirgach, Buxoro davlat pedagogika institutining matematika-chizmachilik fakultetini tugatdim. Asl matematikman, deydi suhbatdosh. Institutni bitirgach, 13 yil maktabda oddiy o‘qituvchilik qildim. Matematikadan chuqur bilim berilgani sabab, mutaxassislar ko‘payib, darslar qisqarib qoldi, hatto. O‘rtada Navbahor tumani Buxoro viloyatiga bo‘ysunadigan vaqtlar bo‘ldi. Shu davrda tekshirishga kelgan ishchi guruh mening ish faoliyatimni o‘rganib, tuman xalq ta’limi bo‘limiga ishga chaqirdi. 2 oydan ko‘proq muddat bormay yurdim, oxiri bo‘lmadi. Ana shundan keyin lavozim pillapoyalaridan o‘rlash boshlandi, - deya suhbat maromini davom ettirdi mezbon. Bu orada Nekboy akaning kelinlari allaqachon qozonga o‘t qalab, jiz-bizni boshlab yuborgan edi. 
 Nekboy aka uzoq yillar viloyat xalq ta’limi boshqarmasida ishlagani, 30 dan ortiq qo‘llanma, risolalar yaratgani, ko‘plab shogirdlar yetishtirgani, umri davomida halollikni kasb qilgani xususida ancha to‘lqinlanib gapirdi. – tumandagi 23-maktabda 2 yil direktor bo‘lib ishladim. Ikki yil ichida 2 ta fandan respublika olimpiadasidan 1- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdik. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdi va bu menga obro‘ keltirib, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish institutiga ishga taklif etishdi.Keyin xalq ta’limi boshqarmasiga olishdi va nafaqaga chiqqunga qadar boshqarmaning Davlat standartlari bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishladim. 
 Bu orada qahramonimizning qizlari qovurmani dasturxonga tortib qoldi va suhbat maromi biroz buzildi. Biz faxriy pedagog to‘g‘risidagi hikoyamizni keyinroq batafsil davom ettiramiz. 
 Bugun farzandlar ardog‘idagi ustozning o‘zi yashaydigan qishloqda 11 nafar matematik shogirdlari, 2 ukasi va 2 singlisi matematik, ular tez-tez xabar olib turishadi. – Ko‘ngilni va niyatni to‘g‘ri qilish kerak, - deydi Nekboy aka. Yana halol va to‘g‘ri bo‘lish lozim. Bularda hayot hikmati yashiringan. Yana kelishimiz to‘g‘risidagi va’damizni olib qolgan murabbiy bilan samimiy xayrlashib, hayot otlig‘ ne’matni poklik va yaxshilik bilan o‘tkazish saodatligini angladik.

O'xshash yangiliklar