VILOYAT HOKIMI O'ZI O'QIGAN MAKTAB BITIRUVCHILARIGA OMAD TILADI

VILOYAT HOKIMI O'ZI O'QIGAN MAKTAB BITIRUVCHILARIGA OMAD TILADI

  Erta tongdan boshlangan quvnoq va shodon kulgular jarangiga ko‘chalar to‘lib oqmoqda. O‘zgacha, unutilmas lahzalarga boy bo‘lgan bugungi kunni oradan necha yillar o‘tsa-da, unutish mumkin emas. Bolalikning eng beg‘ubor, g‘am-tashvishsiz kunlarini birga o‘tkazgan sinfdoshlar maktabni bitirganiga 50 yil o‘tib, maktab quchog‘ida uchrashadilar. Ustozlarni yo‘qlab, ularga bilib-bimasdan ozor yetkazib qo‘ygan paytlari uchun uzr so‘rashadi, endigina mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarga hayotiy tajribalarini so‘zlab berishadi, oq yo‘l tilab, duo qilishadi. 
 Bugun, 25 may kuni mamlakatimiz umumta’lim maktablarida bitiruv tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 365 ta umumta’lim maktablarning 11-sinfini bitirayotgan 12941 nafar o‘g‘il-qizlar hademay mustaqil hayotga yo‘llanma oladilar. 
  Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabida bugun Navoiy viloyati hokimi sifatida sanoat, konchilar, mirishkor dehqonlar va azmi qat’iy chorvadorlar yurtini boshqarayotgan Kobul Tursunov o‘qigan. Ertalabdan safga tizilganlarni ko‘p kuttirmasdan kirib kelgan viloyat hokimi o‘quvchilar, ularning ota-onalari va jamoatchilik vakillariga Davlat rahbarining bitiruvchilarga tabrigini o‘qib, eshittirdi. O‘zi ham bitiruvchilarga omad tilab, jonajon mamlakatimiz ertasi uchun kamarbasta bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi. Viloyat hokimi o‘z do‘stlari va bitiruvchilar bilan esdalik uchun suratga tushdi.

O'xshash yangiliklar