ISLOHOTLAR HISOB SO'RAYDI

ISLOHOTLAR HISOB SO'RAYDI

   "Mehnat qilgan elda aziz”, deydi dono xalq. Ayniqsa mehnat mamlakat farzandlari tarbiyasi, ularga ilm berish, ularning kamolotini ko‘zlab qilinayotgan bo‘lsa, uning nafi ikki karra bo‘ladi. Ayni kunlarda Navoiy viloyatidagi 365 ta umumta’lim maktablarda dars jarayonlari tugagach, joriy ta’mirlash, sinfxonalarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlari qizg‘in kechmoqda. Bu yili kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ertaroq boshlandi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining sa’y-harakatlari natijasida jamlanishi lozim bo‘lgan 15 ming 46 tonna ko‘mirning 40 foizga yaqini maktablarga kiritildi. Bu o‘z vaqtida ta’lim muassasalarining saranjom olishiga, boshqa tashkiliy ishlarni to‘g‘ri rejalashtirishiga zamin yaratmoqda.
 Nurota tumani geografiyasi o‘ziga xosligi jihatidan maktablarning aholi punktlarida joylashuvi ham ancha tarqoq. Ularni yo‘nalishlar bo‘yicha alohida marshrut bilan aylanib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bugun xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov rahbarligidagi ishchi guruh ikkita yo‘nalishdagi  10 maktablarga kirib, joriy ta’mirlashning borishi, ishga munosabat, bitiruvchilarni oliy ta’limga tayyorlash, saylov uchastkalarining shayligi holatlarini o‘rgandi. 
 Dastlabki manzil Eski qishlog‘idagi 8-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Maktab ma’muriyatining loqaydligi sababli ajratilgan mikrohudud begona o‘t, yantoqlardan tozalanmagan. Qachonlardir foydalanilgan issiqxona shunchalik g‘arib holatga kelganki, ko‘rib jang paytlaridagi bombadan himoyalanuvchi blindaj, degan tasavvur paydo bo‘ladi. O‘t bosib ketganligi va qaqrab yotganligidan sport maydonchasi chiziqlari ko‘rinmay qolgan. Basketbol maydonchasi joylashuvi, uning to‘sin va savatchasi tasavvuringizni bir asr ortga qaytaradi. Informatika xonasiga keng polosali tezkor internet yetkazib berilgan, ammo undan foydalanish malakasi yo‘q. Kompyuterning ish holatiga o‘tishini yarim soat kutdik hamki, natijasi bo‘lmadi. Xullas, maktabni boshqarishning o‘ziga xos ko‘nikmasi qay holatdaligini izohlashga hojat yo‘q.
   Samari qishlog‘idagi 39-maktabda ham ishlarni tashkil etish juda maqtagulik emas. O‘qituvchilar internet tarmog‘idagi qanday tarifdan foydalanayotganligini bilishmaydi. Texnik xodimlarni to‘la quvvatda ishga jalb etilmagan. Vaqt g‘animatida ta’mirlash ishlarini tezlashtirish lozim. Oqtepa qishlog‘idagi 25-umumta’lim maktabida informatika o‘qituvchisi va kutubxonachilar malakasini oshirishga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi. Sababi, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter qurilmalariga maxsus cheklov o‘rnatilmagan. Foydalanuvchi tizimga kirishi bilan yutub kanaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishi va turli ma’naviyat, tafakkurga ta’sir etuvchi, inson hissiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi tasvirlarni beixtiyor tomosha qilishiga to‘siq qo‘yilmagan. Kutubxonadagi kitoblarga ishlov berilmagan, ular ro‘yxatga olinmagan, maktab yoshidagi o‘quvchilarga mo‘ljallanmagan mafkuraga zid kitoblar ham mavjud. Adabiyotlar sohalar bo‘yicha ajratilmagan. Avazsoy qishlog‘idagi 10-maktabdagi ishlarni ko‘rib ko‘nglimiz xotirjam tortdi. Direktor M.Vafoyevaning fidoiyligi va tirishqoqligi bois maktabda ta’mirlash ishlari jadallik bilan ketyapti. Ma’muriyat va ishchi-xodimlar mushtni bir joyga qo‘yib harakat qilishmoqda. Rahbar to‘g‘risidagi xodimlarning fikrini eshitib, shaxsiy tashabbusning kuchi nechog‘lik ekaniga guvoh bo‘ldik. 
  Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, kuzatuvlar shuni anglatadiki, qayerda rahbar prinsipial, adolatli, qattiqqo‘l, shu bilan bir vaqtning o‘zida fidoiy bo‘lsa ishda unum, harakatda barakat bo‘ladi. 33-, 40-umumta’lim maktablarda ishning o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ekanligi oqqush, cho‘rtanbaliq va qisqichbaqa to‘g‘risidagi masalni eslatadi. Maqsadlar mushtarak bo‘lmas ekan, bundan ko‘pchilik aziyat chekishi, muhit buzilib, ishonchga darz ketishi mumkin. Ta’lim, tarbiya – bu muqaddas ish. Unda aldov, loqaydlik, vijdonga xiyonat kechirilmaydi. Zero, millatning kelajagi sharafli kasb egalarining zimmasida. Bugun islohotlar hisob so‘raydigan payt. Gʻalvirni suvdan ko‘taradigan pallada umumxalq ishidan o‘zimizni chetga tortmaylik.

O'xshash yangiliklar