30 YILLIK BAYRAMGA 30 TA MAKTAB

30 YILLIK BAYRAMGA 30 TA MAKTAB

NAVOIY VILOYATI XALQ TA’LIMI BOSHQARMASI BOSHLIGʻI SHAMURATOV MARAT XALMURATOVIChNING "O‘ZBEKISTON MUSTAQILLIGINING 30 YILLIGIGA 30 TA MAKTAB” SHIORI OSTIDAGI HUDUDIY LOYIHA BO‘YICHA NAVOIY VILOYATI AHOLISI VA OTA-ONALARGA MUROJAATI 
  
    Hurmatli yurtdoshlar!
   Qadrli ota-onalar! O‘qituvchilar!
   O‘quvchilar! 
   Keyingi yillarda Navoiy viloyati xalq ta’limi sohasida erishilgan yutuqlar ko‘pchilikka ma’lum. Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib qolmasdan, kelajak rejalarimiz, ta’lim sifati va mazmunini oshirish yuzasidan amalga oshiradigan ishlarimiz viloyatda qo‘lni-qo‘lga berib ishlayotgan 20 mingga yaqin pedagoglarimizning jonkuyarligi, fidoiyligiga bevosita hamda bilvosita bog‘liq. Tugab borayotgan o‘quv yilida viloyatdagi 365 ta umumta’lim maktablarni 12 945 nafar 11-sinf o‘quvchilari tamomlaydi. Bu o‘quvchilarning 245 nafari oltin, 42 nafari kumush medal hamda 902 nafari a’lo darajali shahodatnoma bilan tugallashi kutilmoqda. Joriy yilning ayni paytigacha 11-sinf bitiruvchilarining 173 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ularning 330 nafari IELTS va boshqa xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldilar. 461 nafar o‘quvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi "Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida aholini turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2925-sonli qarori asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtiyoziga ega bo‘lishadi. 
 Yurtboshimiz 2019-yil 23-avgustda o‘tkazgan xalq ta’limi tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida: "Maktab - bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi... Maktab ishi bu umummilliy harakatga aylanishi kerak”, degan edi. Haqiqatan ham maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Prezident fan va ta’lim tizimiga taalluqli bir qator strategik yo‘nalishlarni belgilab berdilarki, undan kelib chiqadigan vazifalar tizimda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar yangilanayotgan O‘zbekistonning ta’lim siyosati mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglashini taqozo qiladi. 
Jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik to‘yiga munosib to‘yona sifatida Navoiy viloyati hokimi K.Tursunovning bevosita tashabbusi bilan "O‘zbekiston mustaqilligi 30 yilligiga 30 ta maktab” shiori ostida o‘ziga xos loyihani ilgari surmoqchimiz. Viloyatning ilmiy salohiyati, pedagoglarning bilim va fidoiyligi, o‘ziga xos tajriba maktabiga tayanib, 365 ta umumta’lim maktablarning 30 tasida bitiruvchilarning to‘liq oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlariga erishmoqchimiz. Bu yo‘lda Siz, aziz ota-onalar, jonkuyar o‘qituvchilar, bilimli yoshlarga tayanamiz. Zero, mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti, nurli kelajak, yorqin hayot, farovon turmush – barchamizniki.
   O‘tayotgan yilimiz barcha sohada bo‘lgani singari xalq ta’limi tizimida ham yangilik, hayotiy islohotlarning amaliyotga joriy etilishi bilan kechmoqdaki, bu borada viloyatda kelajak avlodga ta’lim berayotgan ko‘p ming sonli pedagoglarimizning mashaqqatli, shu bilan birga sharafli ishlarini alohida e’tirof etishimiz joiz. 
Fizika, matematika, ingliz tili fanlarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan Navoiy-Qorako‘l maktab-internati 2020 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lishiga qaramay, bugungi kunda bir qator Respublika va Xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
2021-yil aprel oyida o‘tkazilgan, Osiyoning 18 ta mamlakatlari yoshlari qatnashgan AIMO (Osiyo xalqaro matematika olimpiadasi) ning Milliy bosqichida 31 nafar o‘quvchimiz ishtirok etib, shundan 29 nafari sovrindor bo‘lib, musobaqaning Janubiy Koreyada avgust oyida o‘tkaziladigan FINAL bosqichiga yo‘llanmani naqd qilishdi. O‘quvchilarimiz 4 ta oltin, 14 ta kumush, 11 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
   Joriy yil 18-23 iyul kunlari Portugaliya davlatida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro biologiya olimpiadasida ishtirok etadigan terma jamoa safida Navoiy shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 11-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Yolqinbek Turdiboyev ham qatnashadi.
   Aziz navoiyliklar!
   Hurmatli vatandoshlar!
   Ota-onalar va ularning farzandlari!
   Yurt sha’ni, millat taqdiriga befarq bo‘lmagan barchangizni mazkur loyihaga qo‘shilib, qo‘lni-qo‘lga berib, munavvar istiqbol sari biz bilan birga odimlashingizga ishonamiz! Bizni Vatan kutmoqda!


O'xshash yangiliklar