XATIRCHIDA SHUNDAY MAKTAB BOR

XATIRCHIDA SHUNDAY MAKTAB BOR

 Insonni mehnat, mehnatning haloli ulug‘laydi. Dunyo imoratlari orasida eng tabarruk va ulug‘vori bo‘lgan maktabni aziz tutgan, unga borlig‘ini baxshida etgan insonlar borki, el ichida aziz, e’tiborda. 
  Bugun davlat rahbari tomonidan ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, umumta’lim maktablarning tom ma’nodagi shaklu shamoyilini o‘zgartirish, o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish borasidagi siyosatining joylardagi ijrosini ta’minlash o‘rta bo‘g‘indagi rahbarlar sanaladigan umumta’lim maktablarning direktorlariga ko‘p jihatdan bog‘liq. Afsuski, yillar davomida bir xil qolipda ishlab, "sen menga tegma” shiorini hayot tarziga aylantirib olgan, vijdon amriga quloq solmaydigan, ilm berishdek aziz ishga panja orasidan qarab, o‘zlikdan chekingan insonlar ham borki, ularni kechirish juda qiyin. 
  Rivojlangan davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qachonki ta’limga umumxalq ishi, deb qarab, milliy masala sifatida e’tibor berilsa yuksalish va taraqqiyot bo‘ladi. 
  Kecha Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Marat Shamuratov hududlar ichida umumta’lim maktablari va ularda ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Xatirchi tumanidagi bir qator maktablarda bo‘lib, yangi mavsumga tayyorgarlikni o‘rganib chiqdi. Yuqorida eslatib o‘tilganidek, ba’zi maktablarning rahbarlari xo‘jako‘rsinga, shunchaki vazifa nuqtai nazaridan kirib chiqayotganining guvohi bo‘lish mumkin. Shundoqqina yo‘l yoqasida joylashgan, davlat tomonidan muhtasham qilib ikki qavatli qurilgan 15-umumta’lim maktabga qadam qo‘yishingiz bilan qarovsizlik qanday bo‘lishini ko‘rasiz. Atrofga teran nazar, tiniq nigoh bilan qaraydigan kimsaning o‘zi yo‘qligi, jamoa loqaydlik botqog‘iga qulog‘igacha botganini ko‘rish mumkin. Hamma joyda, sinfxona, hovli, sport maydonlari, ko‘z tushgan joyda axlatlar bor. Jamoa tashlandiqlikka shunchalik o‘rganib qolganki, o‘tgan asrda ham kamdan-kam ishlatilgan, bugun faqat muzeylarda eksponat bo‘lishi mumkin bo‘lgan eshiklarni shu maktabda uchratasiz. 
  Insonda yangilik, yaratuvchanlikka o‘chlik, ishga ishtiyoq bo‘lsa sahroda ham bo‘ston yaratadi. Tumandagi 69-maktab ana shundaylardan biri. Kirgan zahotingiz dilingiz yayraydi. Qator qilib hovli sahniga bir tekisda, did bilan ekilgan barxatdek gullar insonga zavq baxsh etadi. Issiqxonada bir-biri bilan bo‘y talashayotgan limonlar ertaga maktab iqtisodiga mablag‘ bo‘lib tushadi. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan teraklar kimningdir uyiga to‘sin bo‘lib, bezak beradi. "Birni ko‘rib shukr qil” deganlari shu bo‘ladi. 
 15-, 69-, 81-, 82-, 17-, 16-, 61-maktablarning rahbarlari bilan bo‘lgan suhbat davomida ta’limning keyingi bosqichiga o‘quvchilarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalariga kirish qamrovini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

O'xshash yangiliklar