MAKTAB-MUQADDAS, UNI ASRANG!

MAKTAB-MUQADDAS, UNI ASRANG!

   Xatirchi tumaniga yo‘lingiz tushib, 14-maktabga borsangiz, to‘g‘ri futbol maydoniga o‘ting. U yerda kovshab yotgan govmish, bemalol o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zi, echki-uloqlarni ko‘rib, tasanno, maktab rahbarlari tadbirkor ekanda, deysiz. Ammo, sal shoshmang. Chunki bu yirik va mayda shoxli mollarning maktabga aloqasi yo‘q. Ular atrofdagi fuqarolarniki. Maktabni qutlug‘ dargoh, deb hisoblamaydigan kishilargina shunday oyoqosti qilishi mumkin. Biz o‘qigan davrimizda yoshi ulug‘ muallimlar maktabga kirishdan oldin poyafzallarini suv, jillaqursa qor bilan tozalab, keyin qadam qo‘yar edi. Yosh bo‘lganligimiz uchun bunga uncha ham ahamiyat bermaganmiz. Endi bilsak, bu tabarruk maskanga ko‘ngil va oyoq kiyimlarni poklab qadam bosilar ekan. Maktabning rahbarlari shu haqiqatni bilishmaydi, deysizmi? Bilishadi, ammo rioya qilishmaydi. Qayerdaki, ishga munosabat shu tariqa bo‘lsa, u yerda baraka, fayz to‘g‘risida gapirish ortiqcha.
   19-maktabda ham shunday holatni kuzatish mumkin. Qovun qovundan rang oladi, deyiladi. Loqaydlik ham aslida yuqumli dard. Katta dushman. Donishmandlardan birining "Dushmanlardan qo‘rqma – nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma – nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Biroq, befarq odamlardan qo‘rq – ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”, degan fikrlari ham loqaydlik va befarqlik keltirib chiqaradigan oqibatlarning dahshatini tasavvur qilish imkonini beradi.
   Loqaydlik bu – burch va mas’uliyatni his qilmaslik, atrofdagilarning, o‘zining taqdiri va kelajagiga daxldor voqeliklarga e’tiborsizlikdir. 
Maktabda sarishtasizlik, qarovsizlik shu darajadaki, o‘quvchilar tashlab ketgan qog‘oz, latta-putta va mayda-chuydalar shu holicha turibdi. Shkaf ichiga kimdir o‘qlog‘dek harflar bilan sevishganlarning ismlarini bosh harflarda bitib ketgan. Xullas, "Dunyoni suv bossa o‘rdakka ne g‘am” qabilida ishlaydigan maktablarning direktorlari g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, bunday atrofda kechayotgan bunyodkorlik ishlariga teran nazar tashlab, fikr qilsalar bo‘lardi. Zero, vaqt – g‘animat. Fursat kutib turmaydi.

O'xshash yangiliklar