FAXRIYLAR E'ZOZDA

FAXRIYLAR E'ZOZDA

   O‘zbekiston Respubliksai Davlat Mustaqilligining 30 yilligi oldidan joylarda davlatning "oltin fondi” hisoblangan insonlarni e’zozlash, ularning bosib o‘tgan shonli va ibratli hayot yo‘llaridan o‘rnak olish, keksa avlodning boy tajribasini o‘rganish ishlari davom etayotir. 
  Navoiy viloyati xalq ta’limi tizimida ham sohaga mehnati singgan, jamiyat rivojiga munosib ulush qo‘shgan faxriylar va ikki avlod uchrashuvi davom etmoqda. 
Qadimiy Nurota shahrida start olgan uch avlod uchrashuvi qizg‘in, taassurotlarga boy, mazmunli o‘tdi. Tuman hokimi U.Xalilov keksa faxriylarning hurmatini joyiga qo‘yib, ularga e’tibor  ko‘rsatdi. Yoshlarni ulardan ibrat olishga chorladi. O‘ziga xos diydorlashuv bo‘lgan tadbirdan barcha minnatdor bo‘ldi. 
  Navoiy shahrida davom etgan marosim tajriba maktabida alohida saboq darsi bo‘ldi. Unda ko‘p yillar ta’lim sifatiga hissa qo‘shib kelgan avlod vakillari tajribalarini o‘rtoqlashdi. Bugungi maktablarning qiyofasi, zamonaviy maktablardagi sinfxonalar, laboratoriya jihozlari, o‘quvchilarning intellektual salohiyati xususida faxr bilan gapirib o‘tdi. Viloyatning yutuqlari mashaqqatli
 mehnat mahsuli ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
  Bir necha millat vakillari istiqomat qiladigan ulkan baynalmilal oila bo‘lgan Konimex tumanida ham tadbir o‘ziga xos, rang baranglik bilan yo‘g‘rildi. O‘zbek, qozoq, qoraqalpoq millatlarining farzandlari fayzli dasturxon atrofida maroqli suhbatga qo‘r tashladi. O‘lan, alyor va shirin suhbat asnosida dilkash tilaklar bildirildi.
Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan ko‘hna kent – Karmana tumani estafeta tayoqchasini qabul qilib oldi. Bugun tumandagi "Charxpalak” majmuasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov ishtirok etib, xalq ta’limi rivoji va ijtimoiy taraqqiyotda asosiy xalqalardan biri bo‘lgan soha vakillarini tabriklab, mustaqillikning ne’matlaridan bahramand bo‘layotgan faxriylarga hurmatini bildirdi.
"Mustaqil O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan uch avlod uchrashuvi keng quloch yoymoqda.

O'xshash yangiliklar