BITTA TUMANDA 2 TA YANGI MAKTAB ISHGA TUSHDI

BITTA TUMANDA 2 TA YANGI MAKTAB ISHGA TUSHDI

   Navoiy viloyatida 2021-yilda 13 ta umumta’lim maktablar Investisiya va 12 tasi "Obod qishloq”, 1 ta maktab "Obod mahalla” manzilli dasturi asosida rekonstruksiya qilinib yoki mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshiriladi. Ularning qiyofasi butunlay o‘zgartirilib, moddiy-texnik bazasi kuchaytirilib hamda jihozlar yangilanib, baxtli mamlakatning baxtiyor bolalari ixtiyoriga topshirilmoqda. 
   Erta tongdan Navbahor tumanida xushxabarlar qanot chiqarib, aholini yangiliklardan xabardor qildi. Tumanning turli hududlarida yangi ijtimoiy ob’yektlar, o‘zini o‘zi boshqarish organi uchun idora va 2 ta umumta’lim maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Eski, salkam tashlandiq holatga kelib qolgan maktab binolari o‘rnida ko‘rkam, zamonaviy, shaharsozlik talablariga mos keladigan, chiroyli arxitektura yechimlariga muvofiq imoratlar qad rostlagan. 
Tumanning "Uchtut” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli 10-umumta’lim maktabi "Obod qishloq” dasturi asosida 2 mlrd. 389 mln. so‘mga teng qiymatdagi loyiha asosida mukammal ta’mirlandi. Ko‘rsa ko‘z quvonadigan maktabni ko‘zdan kechirgan ota-onalar bunday g‘amxo‘rlik uchun yurtboshiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Aynan shu mahalla fuqarolar yig‘inidagi yana bir ta’lim muassasasi,  11-umumta’lim maktab ham "Obod qishloq” manzilli dasturiga kiritilgan bo‘lib, 1 mlrd. 862 mln. so‘mlik loyiha asosida mavjud bino mukammal ta’mirlandi, 140 o‘rinli yangi o‘quv blogi qurib, foydalanishga topshirildi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov va tuman hokimligi qatnashgan ochilish marosimida barchaning xursandligi shundoqqina yuz-ko‘zlarida aks etib turardi. Ayniqsa, bolajonlar charog‘on, shinam va qulayliklarga ega sinfxonalarni ko‘rib, mamnun bo‘ldi. Qutlug‘ yurtga shodiyonalar yarashadi. Qisqa kunlarda yana bir nechta yangilangan maktablarni farzandlarimiz ixtiyoriga topshiramiz, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov. Ular shunday imoratlarda mukammal bilim olish, kelajakka tamal toshini qo‘yishga munosib.

O'xshash yangiliklar