HUNARI BOR - XOR BO'LMAS

HUNARI BOR - XOR BO'LMAS

Maktablarning 11-sinf o‘quvchilariga kasb-hunar o‘rgatish, ularning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda, kelajakda ta’limni davom ettirishlari yoki egallagan kasblari bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlariga shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2021-yilning dekabr oyida Navoiy viloyat hokimligi bilan Navoiy viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘rtasida "Umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilarini kasbga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etish to‘g‘risida” Memorandum imzolandi. 
 Viloyatdagi 24 ta professional (kasb-hunar maktabi, texnikum va kasb-hunar kollejlari) ta’lim muassasalarida 11-sinf o‘quvchilari uchun 14 ta yo‘nalishda (payvandlovchi, elektrik, santexnik, 1s buxgalteriya, sartarosh, tikuvchi, pazandachilik, enaga, kompyuter IT, uy hamshirasi va boshqa) qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi. 
 11-sinf o‘quvchilari orasida viloyatdagi nodavlat tashkilotlaridagi o‘quv markazlarda hamda "Vatanparvar” tashkilotida (Mashhura-Lend, IT Markazlari va boshqalar) tashkil etilgan kasbiy kurslarga hamda haydovchilik kurslariga o‘qish istagi ortdi. 
 12737 (shundan 6250 nafari qiz bolalar) nafar 11-sinf o‘quvchilaridan 12205 (95,6%) nafari kasb-hunar egallashlari uchun o‘quv kurslarga shartnoma asosida o‘qitilgan. Shundan 3260 (26,7%) nafari professional ta’lim muassasalaridagi qisqa muddatli kurslarga, 7249 (59,5%) nafari xususiy sektorlardagi Nodavlat o‘quv markazlariga, 1696 (13,8%) "Vatanparvar” tashkilotida  shartnoma asosida o‘qib kasb o‘rgandilar. Bugungi kunda bitiruvchi o‘quvchilar egallagan kasblari bo‘yicha diplom va sertifikatlarga ega bo‘ldilar. 
 Viloyat hokimligi tomonidan "Temir daftar”ga kiritilgan 
 179 (shundan 97 nafari qiz bolalar) nafar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan o‘quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini o‘qitishda viloyat va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amaliy yordam berilgan.  
 Bugungi kunda bitiruvchilarimizdan tashqari yuqori sinf o‘quvchilari ham mustaqil faoliyat ko‘rsatib, oila byudjetiga o‘z hissasini qo‘shayotgan o‘quvchilar bir talay. Ana shunday o‘quvchilardan biri Karmana tumanidagi 19-maktabning bitiruvchisi M.Yallayeva. Marjonaning o‘zi tashkil etgan tikuvchilik ishlab chiqarish kichik syexi bilan tanishish uchun uning uyiga bordik. Oilaning saranjom-sarishta, toza va botartib xonadoniga kirib borar ekanmiz, bitiruvchi qizimizning ishlariga bo‘lgan qiziqishimiz ortib bordi. Katta supaning sahnini osma toklar to‘liq qoplab olgan, soya berib turibdi. Tillarang toifi uzumlar shig‘il hosilga kirgan, oltindek tovlanadi. Marjona tikish qiladigan uyga kirar ekanmiz, intizom va tartibning hukmronligi yaqqol ko‘zga tashlandi. 3 ta tikish mashinasi qator terilgan, tayyor ayollar liboslari osig‘lik, tillaqosh, qutichalar, zeb-ziynatlar o‘zini ko‘z-ko‘z qiladi. Marjonani gapga soldik.
 Uch yildan buyon shu hunar bilan shug‘ullanaman, - deydi hamsuhbat. Tikish-bichish sirlarini onamdan o‘rganganman. Ayni paytda oyiga 3-4 million so‘m atrofida daromad qilaman. O‘z tengqurlarim va kichik yoshdagi qizlarga ustozlik qilib kelyapman. Ishimdan qoniqaman. Yangi dizaynlar ustida ishlab, milliy liboslarning shuhratini yoymoqchiman. Oila bilan xayrlashib, Navoiy shahri, Sputnik qo‘rg‘onidagi "Bayot mebel” oilaviy korxonasi tomon yo‘l oldik. Bu yerda "Ustoz-shogird” an’anasiga muvofiq mebelchilik sirlarini o‘rganayotgan 15-umumta’lim maktabning 10-sinf o‘quvchisi B.Ikromovning ishlari bilan tanishdik. 
 Yozgi ta’til paytida shu korxonaga kelib, ish o‘rgandim, - deydi Behro‘z. Kelajakda o‘zim mustaqil tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, korxona ochmoqchiman. Zamonaviy andozadagi mebellarni ishlab chiqib, xalq turmush madaniyatini yuksaltirishga hissa qo‘shish maqsadim bor. Maqsad ezgu bo‘lsa, ish xayrli bo‘ladi. 
 Bitiruvchilarimiz, o‘quvchilar ertangi kun uchun tamal toshini qo‘yib, yorug‘ kelajakni yaratish yo‘liga kirganligi quvonarli. Zero, mehnat insonni ulug‘laydi.

O'xshash yangiliklar