ISHONCHNI OQLAGAN YOSH DIREKTOR

ISHONCHNI OQLAGAN YOSH DIREKTOR

Yoshlarga ishonish, ulardagi shijoatga tayanish, davr shiddatiga moslashuvini qadrlash kerak. 2020 yil dekabr oyi Nurota tumanida Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov o‘tkazgan "Sayyor qabul”da 31 yoshli o‘qituvchi, Navoiy davlat pedagogika instituti va Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini bitirgan Vohid Qobilov ish so‘rab murojaat qilgan edi. O‘shanda undagi tirishqoqlik va intilishni sezgan boshqarma boshlig‘i tumandagi bo‘sh turgan 37-umumta’lim direktorligini taklif qildi. Yosh yigit biroz taraddudlanib, rozi bo‘ldi. Unga bitta shart qo‘yildi: maktabda ta’lim sifati va mazmunini ko‘tarish. Ishonch insonga kuch bag‘ishlaydi. Qisqa muddatda mazkur maktabda siljishlar kuzatildi. O‘quv yili oxirida bitiruvchilarning     100 foizi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
-  Men kamida 5 yil shu maktabda ishlamoqchiman, - deydi V.Qobilov. – Sababi, shu yilgi ko‘rsatkichlar faqatgina mening yutuqlarim deb ayta olmayman. Ta’limda islohotlar revolyusion tarzda kechmaydi. Keyingi yillardagi natijalar kimning nimaga qodirligini isbotlaydi. Maqsadim qishloq yoshlarini bilimli qilish va ularning yorqin kelajagini ko‘rish. Shundagina o‘zimdan qoniqishim, mehnatim zoye ketmaganiga ishonch hosil qilishim mumkin. O‘ziga ishongan, ishonganlarning ishonchini oqlaydigan tanti yigitning gapi shunday bo‘ladi. Vaqt – ulug‘ hakam. Natijalarni kutamiz.

O'xshash yangiliklar