TABRIK

TABRIK

   Asssalomu alaykum, hurmatli ustozlar!
   Mehri daryo o‘qituvchilar!
   Buyuk kelajak davomchilarining murabbiylari!
 
   Avvalo, barchangizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O‘qituvchilar esa hayotimiz charog‘bonlaridir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan. Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi. Shuning uchun ham Sizlardan ta’lim va tarbiya olgan, o‘zini oldingizda umrbod qarzdor deb his etadigan barcha insonlar nomidan Sizlarga har qancha minnatdorlik bildirsak shuncha oz. Hayot bor ekan, o‘qituvchilik kasbi o‘zining ma’no-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hyech qachon yo‘qotmaydi. 

   Biz shu qutlug‘ ayyomni keng nishonlar ekanmiz, Sizlarning yosh avlodga bilim berishdek murakkab, ammo sharafli mehnatingiz uchun barchamiz samimiy minnatdorchilik bildirishni o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.
 
   Qadrli ustozlar!
 
   Mamlakatimizda mustaqillik yillarida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Bu mamlakatimizning barcha hududlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bizning viloyatimizda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi quvonarlidir. Viloyatda xalq ta’limi sohasini rivojlantirish borasidagi keng ko‘lamli ishlarda viloyat hokimi K.Tursunovning alohida sa’y-harakatlarini ta’kidlab o‘tish o‘rinli. "Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” g‘oyasi ostida yurtimizda ulkan bunyodkorlik ishlari bilan hamohang ravishda ijtimoiy sohada ham juda keng ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimizdagi umumta’lim maktablarning qiyofasi tubdan o‘zgarib, zamonaviy binolar qad rostlamoqda. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi "2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4936-sonli qaroriga asosan, 2021 yilda viloyatimizda jami bo‘lib, 13 ta shundan, 1 ta yangi "Prezident maktabi” qurilishi, 8 ta rekonstruksiya va 4 ta mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. Mazkur qurilish-ta’mirlash ishlariga jami 84,8 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi PQ-5048-sonli qaroriga asosan Manzilli dasturga kiritilgan umumta’lim muassasalari soni 14 ta bo‘lib, ularni ta’mirlashga ajratilgan mablag‘ miqdori 37 mlrd. 583 mln.so‘mga teng. 
   Tumanlardagi o‘qituvchilar va jamoatchilik, repetitorlar o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bois o‘tgan yilda past ko‘rsatkichlarni qayd etgan Qiziltepa, Navbahor tumanlari ayni paytda yuqori o‘rinlarga chiqib bormoqda. Bunda, albatta, o‘qituvchi va repetitorlarning mehnati borligi ayni haqiqat. Viloyatimizda ta’lim sifati va mazmunini oshirish kabi umummilliy harakatning harakatlantiruvchi kuchi sifatida joylardagi umumta’lim maktablarning bir qancha direktorlari mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishmoqda. Ana shu ishlarning natijasi sifatida Navoiy shahridagi       7- hamda Uchquduq tumanidagi 9-umumta’lim maktablari "Zamonaviy maktab” maqomini oldi. 
   Umumta’lim maktablarda mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning bor mahorat va bilimlarini yosh avlodning unib-o‘sishi, zamonaviy bilimlarni egallashga qaratayotganligi o‘z natijasini bermoqda. Navoiy shahridagi 11-AFCHO‘I maktabning 11-sinf o‘quvchisi Turdiboyev Yorqinbek Zafar o‘g‘li Portugaliya davlatida bo‘lib o‘tgan nufuzli olimpiadada ishtirok etib, kumush medal sohibi bo‘ldi. Belgilangan me’yoriy hujjatga muvofiq kumush medal egasi Yorqinbekka 73 million so‘m, uning o‘qituvchisi Ro‘ziqulova Zebo Aliqulovnaga esa 61 million so‘m pul mukofoti taqdim etildi.
Fizika, matematika, ingliz tili fanlarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan Navoiy-Qorako‘l maktab-internati 2020 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lishiga qaramay, bugungi kunda bir qator Respublika va Xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib, yuqori natijalarni ko‘rsatdi.
Mazkur maktab o‘quvchilari bugungi kunga qadar turli fan olimpiadalari va xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, bir qator diplom va medallarni qo‘lga kiritdi. Jumladan: 
Respublika fan olimpiadasining viloyat bosqichida matematika, fizika, ingliz tili va ona tili fanlaridan umumiy 9 ta o‘rinni, Qozog‘istonda o‘tkazilgan matematika fani bo‘yicha "Jautikov” xalqaro olimpiadasida 1 ta bronza medalni, matematika fani bo‘yicha respublikamizda o‘tkazilgan "Qo‘qon” olimpiadasida 1 ta bronza medalni, AMC (Amerika xalqaro matematika olimpiadasi) da 2 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza, umumiy hisobda 5 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari AIMO (Osiyo xalqaro matematika olimpiadasi)da 4 ta oltin, 14 ta kumush, 11 ta bronza, umumiy hisobda 29 ta medalga sazovor bo‘lishdi. 
2020-2021 o‘quv yilida maktabni 49 nafar bitiruvchisi tugatgan bo‘lib, ilk qaldirg‘ochlarning barchasi 100%, O‘zbekistondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishga musharraf bo‘ldi. Shundan 39 nafari (80%) davlat granti, 10 nafari (20%) to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. 
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, o‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilaridan birontasi ham oliy ta’lim muassasasiga kira olmagan maktablar soni 26 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida bunday maktablar yo‘q, aksincha dastlabki natijalarga ko‘ra   40 ga yaqin maktablarning bitiruvchilari 100 foiz oliy ta’limga qamrab olindi. O‘tgan yili OTMga qamrov 26 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki statistikasiga muvofiq 37 foizni ko‘rsatyapti. Oshirilgan kontrakt bilan o‘qiydiganlar hisobiga bu o‘quv yilida ham peshqadamlikni saqlab qolamiz, degan ishonch bor. 
Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Muhtaram yurtboshimiz o‘tgan yili kasb bayrami munosabati bilan o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabrigida: ”Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz”, deya ta’kidlagandi. Buyuk ajdodlarimizning betakror, noyob            ilmiy-ma’naviy merosidan hayotiy dastur sifatida foydalanish, ularga eng zarur ehtiyoj deya qarash lozimligi to‘g‘risida ham gapirilgan edi. 
 
   Aziz yurtdoshlar!
 
   Bizning asosiy maqsadimiz dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat. Ana shu vazifani sidqidildan uddalaydigan bilimli va iste’dodli, hyech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalash bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada Siz fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarning zahmatli mehnatingiz har qancha maqtovga loyiq.
 
  Hurmatli ustozlar!
 
   Bundan keyin ham farzandlarimizga zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar asoslarini o‘rgatish, yuksak insoniy tuyg‘u va fazilatlarni singdirish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va mahoratingizni ayamasdan astoydil xizmat qilishingizga ishonamiz.
Siz borsizki, hayotimiz nurafshon, ertangi kunimiz — farzandlarimizdan ko‘nglimiz to‘q. O‘zbekiston farzandlari chehrasidagi nur — bu tinchlikning nuri. Ozod diyorimizdagi ana shu osuda, farovon hayotimizga ko‘z tegmasin. Siz o‘quvchi va talabalaringiz huzuriga — sinf xonalariga hamisha chehrangizda ishonch va tabassum bilan kirib boring!
   Sizlarni 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!

O'xshash yangiliklar