YANGI O'ZBEKISTONDA El AZIZ, INSON AZIZ!

YANGI O'ZBEKISTONDA El AZIZ, INSON AZIZ!

   O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan «tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari» shu shior ostida o‘tkaziladi. Tadbirlar dasturi prezident tomonidan tasdiqlandi.
   Prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Xuddi shunday hujjat har yili Mustaqillik kuni arafasida qabul qilinadi.
"So‘nggi yillarda, dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan g‘oyat og‘ir va murakkab vaziyatda mard va olijanob xalqimizning fidokorona mehnati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish bo‘yicha muhim natijalarni qo‘lga kiritayotganimiz, bu yutuqlar xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotgani, eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib, ular islohotlar samarasini kundalik hayotida his qilib yashayotganini alohida ta’kidlash zarur", — deyiladi hujjatda.

"2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha’ni va g‘ururini yetakchi o‘ringa olib chiqish ustuvor vazifamizga aylangan hozirgi vaqtda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatimizning hududiy yaxlitligi va bo‘linmasligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga intilish ko‘p millatli xalqimizni yanada birlashtiradigan, yuksak marralarga safarbar etadigan beqiyos kuchga aylanib bormoqda", — deya qayd etiladi qarorda.
   Hujjat bilan "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi qabul qilindi. Davlat mustaqilligining 31 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasiga Abdulla Aripov rahbarlik qiladi.
   Komissiyaga barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblaridan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
   Joylarda Mustaqillik bayramini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish topshirildi:
   so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ta’sirchan usullarda ifoda etish;
   mamlakatda turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘rtasida ahillik va totuvlik muhitini yanada kuchaytirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini chuqur tahlillar, aniq hayotiy misollar yordamida keng jamoatchilikka yetkazish;
bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-kizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan dasturlarimizning ijobiy natijalarini ko‘rsatish;
   bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi faxriylari, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari»ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.
 
Manbaa: gazeta.uz

O'xshash yangiliklar