TEST SINOVLARINI O'TKAZISH TARTIBI

TEST SINOVLARINI O'TKAZISH TARTIBI

     Bugungi kunda ta'lim sohasini rivojlantirish, raqobatbardosh, yuksak ma'naviyatli, salohiyatli va bilimdon mutaxassislarni tayyorlash dolzarb vazifalardan biridir. Shu bois oliy o'quv yurti muassasalariga qabul jarayonini haqqoniy, shaffof, adolatli o'tkazish hamda yuksak bilimga ega, puxta tayyorgarlik ko'rgan o'quvchilarni saralab olish maqsadida, xususan, test sinovlari tartibi tubdan yangilanib bormoqda.
Ma'lumki, oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshiradigan abiturientlar soni yil sayin oshayapti. Shunday bo'lgach, ehtiyojga mos ravishda binolar va auditoriyalar, jalb etiladigan nazoratchilar miqdori ham ko'payishi, tabiiy.
Abiturientlarni test sinovi topshirish tili va ta'lim yo'nalishi kesimida joylashtirib chiqish uchun binolar va auditoriyalarni tayyorlash, jarayonning adolatli o'tkazilishi uchun nazoratchi sifatida jalb qilinayotgan ko'p sonli pedagog xodimlar bilan ishlashni tashkil etishga juda katta kuch va vaqt sarflanadi. Test sinovlarini o'tkazish bir kunda belgilanganligi o'z vaqtida sifatli tayyorgarlik ko'rish va kamchiliklarsiz o'tkazish ishlarini yanada qiyinlashtirib yuboradi. Natijalarning 15 — 17 kundan keyin e'lon qilinishi, Davlat test markazidagi mavjud texnik jihozlarning ham ma'nan, ham texnik jihatdan eskirganligi hamda zamonaviy texnologiya va tezkorlik talablariga javob bermay qo'yganligini hisobga olsak, qanday kamchiliklar yuzaga kelganini tasavvur qilish qiyin emas.
Poyoniga etayotgan yil misolida ko'rganimizda, 729 ming nafardan ziyod abiturientlar oliy ta'lim muassasalarida o'qish istagini bildirdi, test sinovlarini o'tkazish uchun 1080 tadan ko'p binolar va 22 mingdan ortiq auditoriyalar kerak bo'ldi. Toshkent shahrida joylashgan oliy ta'lim muassasalari uchun talab darajasidagi binolarni topish, tayyorlash ishlari oson emas. Endi mulohaza qilib ko'raylik: poytaxtdaki vaziyat shunday ekan, viloyatlarda ishlar qanday kechadi? Birgina Surxondaryo viloyatida 36 mingdan ziyod abiturientlarni joylashtirish uchun Termiz shahridagi barcha maktab, kollej, akademik liseylar binolari va talabga javob beradigan boshqa binolar qamrab olindi. Lekin ularning quvvati etarli bo'lmaganligidan bir nechta tumanlardan qo'shimcha binolar topishga to'g'ri keldi.
Binolar, auditoriyalar sonining bunchalik ortishi, abiturientlarni uzoqda joylashgan binolarga etib borishini ta'minlash nazorat ishlarini to'liq va talab darajasida amalga oshirishga imkon bermaydi. Bulardan tashqari, test materiallarini sifatli, xatosiz tayyorlash, joylarga o'z vaqtida etkazish, sinovlar belgilangan reglament asosida o'tkazilgandan keyin Davlat test markaziga olib kelish ishlari — juda murakkab jarayon. Shunday ekan, abiturientlar va ota-onalarning e'tiroz bildirishlari tabiiy.
Prezidentimizning 2017 yil 16 noyabrdagi "Respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o'tkazish tartibini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori esa aynan mana shu singari qiyinchiliklar, kamchiliklarni bartaraf etish, shu bilan birga, test sinovlarini o'tkazishda adolatlilikni, shaffoflikni ta'minlashga qaratilgani bilan o'ta muhimdir. Shu tariqa endilikda oliy ta'lim muassasalariga faqat bilimli, iqtidorli va munosib yoshlarni qabul qilish uchun zamin yaratildi. Qarorda belgilanganidek, test sinovlarining 15 kun davomida o'tkazilishi yuzaga keladigan sansalorlik, o'zibo'larchilik, sifatsiz tayyorgarlik ko'rishga barham beradi.
Bundan buyon mazkur qaror talablariga muvofiq, test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustga qadar o'tkaziladi. Bu test sinovlariga sifatli va muddatida tayyorgarlik ko'rish doirasida jiddiy ish olib borish uchun katta imkoniyat yaratadi, avvalgi bosimdan xalos qiladi. Shuningdek, kirish test sinovlari natijalari test sinovi o'tkazilgan kunning ertasigayoq Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi. Bu ham jamoatchilik orasida salbiy nuqtai nazarlarning yuzaga kelishiga, har xil e'tirozlarga hojat qoldirmaydi.
Test sinovlari Toshkent shahrida "O'zekspomarkaz” Milliy ko'rgazmalar majmuasi pavilьonlarida, unga yondosh qo'shimcha yig'ma pavilьonlarda, katta sig'imdagi binolarda, viloyatlarda Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarga tegishli sig'imi katta binolarda o'tkaziladi. Ushbu tartib abiturientlarning test sinovi o'tkaziladigan o'ta tarqoq joylashgan binolarni topib borishi, uzoq kutishi, auditoriyalarda nazoratning izdan chiqishi va turli qonunbuzarliklar sodir etilishi kabi holatlarga barham beradi.
Yangi o'quv yilidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san'at, dizayn, tasviriy va amaliy san'at, musiqiy ta'lim, san'atshunoslik, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta'lim yo'nalishlarida test sinovlari bo'lmaydi. Masalan, bundan buyon O'zbekiston davlat konservatoriyasi, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti va alohida iqtidor talab etadigan ta'lim yo'nalishlariga faqat ijodiy imtihonlar orqali qabul qilish yo'lga qo'yiladi.
Test sinovi o'tkaziladigan binolarga abiturientlarni shaxsni identifikasiyalash vositalari, videofiksasiya qurilmalari, metallodetektorlar orqali kiritilishi, jarayonni yoritish uchun monitorlar o'rnatilishi belgilandi. Shuningdek, abiturientlarning ota-onalari uchun test sinovlarini videokuzatuv orqali onlayn rejimida kuzatib borish imkoniyatlari yaratiladi. Bularning barchasi test sinovlarini shaffof holda o'tkazish, adolatlilik, oshkoralikni ta'minlashning muhim tarkibiy qismi bo'lib, abiturientlar, ota-onalar, umuman, jamoatchilik xohishi, talabining ro'yobga chiqqanligini anglatadi.
Bunday muhim o'zgarish va yangiliklardan Davlat test markazining o'zi ham chetda qolmaydi. Avvalo, markaz xodimlarining soni 150 nafar bo'lgan yangilangan tuzilma qabul qilinganligini alohida ta'kidlash kerak. Bundan buyog'iga avvalgi yillardagi kabi minglab bino, qavat va auditoriya nazoratchilarini jalb qilishga ehtiyoj qolmaydi, endilikda soni sezilarli darajada kam, lekin etarli miqdorda nazoratchilar ishtirok etadi. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan fan ekspertlari ro'yxatining shakllantirilishi, ular bilan Davlat test markazida mavsum davomida maxsus yopiq rejimda ishlash amaliyotidan voz kechiladi — ular uchun shtat ajratiladi. Endilikda fan ekspertlari Davlat test markazining doimiy xodimlari bo'ladi, oldingi yillardagidek, ularni test sinovlari o'tib bo'lganidan keyin zarur paytlarda qidirib yurmaymiz, balki fan ekspertlari har qanday holat va vaqtda tayyor turadilar.
Keyingi o'zgarish, bu — Davlat test markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xorijiy davlatlarning o'quv va ilmiy muassasalarida Davlat test markazi xodimlarining malakasini oshirish, rag'batlantirish bilan bog'liq Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg'armasi tashkil qilinganligidir. Bu ham juda muhim o'zgarishlardan biri bo'lib, avvallari yaxshi faoliyat olib borish uchun bunaqa keng imkoniyat yo'q edi.
Shu o'rinda alohida ta'kidlash kerakki, ayni paytda Davlat test markazi tomonidan qarorda vazifa yuklatilgan vazirlik va idoralar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Birinchi navbatda, Toshkent shahrida va viloyat markazlarida ko'p o'ringa ega katta quvvatli binolarni topish, o'rganish, dislokasiya hujjatlarini tayyorlash, qarordan kelib chiqqan holda, test sinovlarini 15 kun mobaynida o'tkazish, natijalarni ertasi kuni veb-saytda e'lon qilish, test sinovi ishtirokchilarining, xoh u xodim bo'ladimi, xoh guruh nazoratchisi yoki abiturientmi, mas'uliyati va javobgarligi bo'yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda. Qisqasi, oldimizga qo'yilgan vazifa va topshiriqlarni o'z vaqtida sifatli bajarsak, abiturientlarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar ochiladi, asossiz taxminlarga nuqta qo'yiladi.
                                                                                   Manbaa: xs.uz

O'xshash yangiliklar