BOLAJONLARGA YANGI YOTOQXONA SOVG'A QILINDI

BOLAJONLARGA YANGI YOTOQXONA SOVG'A QILINDI

   Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi 36-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarbiyalanuvchilariga Yangi yil arafasida 150 o‘rinli yotoqxona foydalanishga topshirildi. Barcha qulayliklar mujassam ushbu yotoqxonada 2, 3 va 4 kishilik jami 55 ta xona mavjud bo‘lib, xonalarning barchasi zamonaviy dizaynda bezatilgan. Yotoqxonaning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Sh. Sh. Nabiyev so‘zga chiqib, so‘nggi 2 yil davomida Xo‘ja Hasan hududida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga mazkur yotoqxona ham mana shunday zamonaviy inshootlar qatoriga qo‘shilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari Botir Usmonov, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nurbek Ulug‘berdiyev, NKMK 5-kon boshqarmasi direktor muovini Alijon Bazarov ham ishtirok etdi. NKMK tomonidan bolajonlarga yangi yil sovg‘alari ulashildi.

O'xshash yangiliklar