BOSHQARMA BOSHLIG'INING BAYRAM TABRIGI

BOSHQARMA BOSHLIG'INING BAYRAM TABRIGI

                                 Aziz o‘quvchilar, hurmatli ustozlar!
   "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” nomi bilan tarixga muhrlanib, o‘z poyoniga yetib borayotgan 2017-yil mamlakatimiz, shu jumladan, viloyatimiz hayotida unutilmas yangiliklarga boy bo‘ldi. Mazkur yilda faxr-u iftixor bilan e’tirof etishga arziydigan tengsiz muvaffaqiyatlar va ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, har bir islohot tom ma’noda inson manfaatlari uchun xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayniqsa, 2017-yilda viloyat xalq ta’limi tizimida erishilgan yutuqlar ham ta’lim tizimi salohiyati tobora ravnaq topib borayotganligidan nishonadir. Bu, albatta, jannatmakon yurtimizda davlatimiz tomonidan yosh avlod kamoloti uchun yaratilgan keng ko‘lamli shart-sharoitlar, ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan jonkuyar ustoz-murabbiylarning tinimsiz izlanishlari, zahmatli va zalvorli mehnatlariga davlatimiz tomonidan berilgan munosib e’tiroflar yutuqlarning muhim omili bo’ldi.
    Yangi yil arafasida o’tgan yilni sarhisob qilish va yangi yilga yangi maqsadlar, rejalar bilan qadam qo’yish xalqimizga xos an’analardan hisoblanadi. Shu o’rinda viloyat xalq ta’limi tizimidagi o’tgan bir yilni sarhisob qilar ekanmiz, o’tgan muddatda erishilgan yutuqlar qalbimizda, avvalom bor, faoliyatimizdan qoniqish hissini uygotdi, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi. Sababi, soha xodimlari joriy yilda ham dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan, ham ma’nan, ham jismonan yetuk, iste’dodli barkamol avlodni tarbiyalash borasida juda katta tajribaga ega bo‘lishdi. Zamon talabini qalban his qilgan fidoyi ustozlarimizning safi yanada kengayib, sog’lom ijodiy muhit shakllangan ta’lim dargohlarimizning soni oshdi. Fikrimizning dalili sifatida aytish joizki, "Yilning eng yaxshi chet tili o’qituvchisi” ko’rik-tanlovining respublika bosqichida Navoiy shahridagi 11-DIUM o’qituvchisi Dilbar Jumayeva g’olib bo’lib, unga yangi yilda Buyuk Britaniyada malaka oshirib kelish imtiyozi berildi. 
    Bir qancha fidoyi ustozlarimizning samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib rag’batlantirildi. Jumladan, Navoiy shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyachisi Laylo Karimova "Do’stlik” ordeni, Karmana tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o’qituvchisi Zulfiya Po’latova va Navoiy shahridagi 11-DIUM o’qituvchisi Rustam Abdiyevlar "Shuhrat” medali bilan mukofotlanishdi. Shuningdek, oltmishga yaqin o’qituvchi va murabbiylarimiz O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan "O’zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak nishoni va "Faxriy yorliq” bilan taqdirlanishdi.
"Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb-sayt-2017” ko’rik-tanlovining respublika bosqichida Navbahor tuman xalq ta’limi bo’limi faxrli 1-o’rinni, Karmana tumanidagi 3-umumta’lim maktabi 3-o’rinni, "Eng obod ta’lim muassasasi-2017” ko’rik- tanlovining respublika bosqichida Navoiy shahridagi 13-umumta’lim maktabi faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritishdi. Albatta, ushbu yutuqlar zamirida tizimdagi davlat boshqaruv organlari va ta’lim dargohlarida sog’lom ijodiy muhit shakllanayotganidan dalolatdir.
   O’qituvchilarimizning boy tajribasi, joriy yildagi fidokorona mehnati o‘quvchilarimizning erishgan yutuqlarida bo‘y ko‘rsatdi. Iste’dodli, iqtidorli o’quvchilarimiz "Bilimlar bellashuvi” va fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishganidan tashqari ko’plab ko’rik-tanlov va festivallarda ham faol qatnashib, katta muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritishdi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi hamkorligida o’tkazilgan "Biz – korrupsiyaga qarshimiz” ijodiy ishlar tanlovida Navoiy shahridagi 11-DIUM o’quvchisi Charos Soyipova insholar tanlovida faxrli 1-o’rinni, 19-umumta’lim maktabi o’quvchisi Nozanin Isroilova rasmlar tanlovida 3-o’rinni, "Islom Karimov asarlari bilimdoni” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Navoiy shahridagi 11-DIUMning 9-sinf o‘quvchisi Aziza Botiraliyeva, "Yilning eng yaxshi ixtirochisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida viloyat "Barkamol avlod” bolalar markazi to‘garak a’zosi Javohir Tursunov, "Yosh qutqaruvchi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Navoiy shahridagi 1-DIUMning "Спасатели” jamoasi, "OITS va giyohvandlikka qarshi birlashaylik” ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida Navbahor tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sayfiddin Aslonov, "Ekologiya bolalar nigohida” ekofestivali respublika bosqichining "Multimediya” yo‘nalishida viloyat "Barkamol avlod” bolalar markazining to‘garak a’zosi Shohjahon Shavkatovlarning faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘lishgani barchamizning qalbimizda iftixor tuyg’usini uyg‘otdi. 
Bundan tashqari, "Kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Zarafshon shahridagi 1-DIUM jamoasi, "Yer kurrasida tinchlik” tanlovining respublika bosqichida Nurota tumanidagi 57-maktab o‘quvchisi Munisa Qurbonova, "Milliy raqslar” respublika ko‘rik-tanlovida Navbahor tuman "Barkamol avlod” bolalar markazi raqs to‘garagi a’zosi Marjona Mardonova, "Sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” respublika ijodiy ishlar tanlovida Diyora Ne’matova, Binafsha Nurillayeva, "Ko‘rgazmali samolyot modellari” respublika musobaqasida Nurota tuman "Barkamol avlod” bolalar markazi to‘garak a’zosi Ro‘ziboy Toshtemirov hamda "Kamolot” shaxmat taxtasi” an’anaviy respublika turnirida Uchquduq tumanidagi 3-maktab o‘quvchisi Samadbek Xolmamatov, Xatirchi tumanidagi 14-maktab o‘quvchisi Toshmurod Tilavov va 22-maktab o‘quvchisi Ruxshona Bashriddinovalarning 2-o‘ringa munosib topilganini ham alohida e’tirof etishimiz kerak.
   "Yashil chiroq – 2017” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Karmana tumanidagi 14-maktabning "Haydovchi” jamoasi, respublika "Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti festivalida xatirchilik Aziza Asatullayeva, konimexlik Aqmiray Dandibayeva, Aziza Sobirova hamda "Ekologiya bolalar nigohida” ekofestivalida Xatirchi tuman "Barkamol avlod” bolalar markazi to‘garak a’zosi Mashhura Tohirovalar faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, ustozlarini xursand qilishdi. 
Joriy yilda yosh sportchilarimizning erishgan yutuqlarini ham sarhisob qilar ekanmiz, 2017-yilning o‘zida yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalangan yosh sportchilarimiz ko‘p bora shohsupalarni band etishganiga guvoh bo’lamiz. 2017-yil davomida sportchi o’quvchilar O’zbekiston chempionati, birinchiligi va kubogi musobaqalarida 136ta oltin, 138ta kumush, 229ta bronza medallarini qo’lga kiritishdi. Xalqaro musobaqalarda esa viloyatimiz yosh sportchilari 48ta oltin, 31ta kumush, 64ta bronza medallariga sazovor bo’lishdi. Jahon chempionatlarida 2ta oltin, 4ta kumush, 2ta bronza medallari sportchilarimizning ko’ksini bezadi.
Yakunlanib borayotgan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da xalq tomonidan qilingan murojaatlarning aksariyati zamirida oilada ham farzandlarning bilim va tarbiya olishiga, sog’lom avlod sifatida voyaga yetishlariga yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadlari yotganligi ota-onalar qalbida ham "Farzandlarimizning kelajakdagi baxti va saodati bolalikda olinadigan bilimga bog’liq” degan ezgu niyatlar jo’sh urayotganidan dalolatdir. Joriy yilda barcha qulayliklarga ega aholi turarjoylari qurilib, oilalarga foydalanishga topshirilgani, ota-onalarga tadbirkorlik bilan shug’ullanib, oila farovonligini oshirishlari uchun davlat tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilganligi xalq farzandlari kamoloti uchun yanada ko’plab imkoniyatlar eshiklarini ochishi muqarrar. Bu kabi tadbirlar ko‘ngillarga ko‘tarinkilik, yangi-yangi orzularni bag‘ishlab kirib kelayotgan yangi 2018-yil - "Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili” da ham xalq farovonligini oshirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, ayniqsa, yoshlar kamoloti yo‘lidagi ezgu, xayrli tadbirlarimizni Yangi yilda ham yuksak bosqichga ko‘taradi deb o‘ylayman.
              Aziz o‘quvchilar!
             Muhtaram ustozlar!
Kirib kelayotgan Yangi yil o’qish va ishda Siz uchun yanada yuksak muvaffaqiyatlar va zafarlar yili bo‘lsin. Xalqimizga tuganmas baxt va omad, dasturxoniga to‘kinlik va farovonlik tilayman.
                                                                       ULUG‘BERDIYEV NURBEK RUZIYEVICH,
                                                                    viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i. 

O'xshash yangiliklar