YULDUZDEK PORLAYVERGIN, SITORA!

YULDUZDEK PORLAYVERGIN, SITORA!

      Bu bog`lar bir bog`lar bo`ladi hali...
Dilbar shoira Zulfiyaxonimning yuqorida aytgan bashoratlari ro`yobga chiqmoqda. Mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ularning fan, sport, san`at, adabiyot yo`nalishlari bo`yicha ulkan yutuqlarga erishishlari uchun zamin yaratib, kelajak vorislari ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan 28 nafar iqtidorli qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanib, ularning 6 nafari umumiy o`rta ta`lim maktabi o`quvchilaridir. Xalqimiz ardoqlagan otashnafas shoira, baxt, vafo va sadoqat kuychisi Zulfiya izdoshlariga an`anaviy tarzda bahorning ilk kunlarida topshiriladigan yuksak mukofot sohibalari qatorida Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi 5-umumiy o`rta ta`lim maktabning 11-sinf o`quvchisi Saparova Sitora Shaydullo qizinig ham borligi ko`pchilikni quvontirdi. Laureatimiz shaxmat bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi, "Sport ustasi” unvoni sohibi. Bolaligidan ot surib kelayotgan o`quvchi ilk yutug`ini 2015 yilda qo`lga kiritgan, shundan so`ng uning zafarli yurishi davom etmoqda. O`sha yili "Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Navoiy viloyati shaxmat federatsiyasi tomonidan o`tkazilgan ochiq turnirda 14 yoshli qizlar o`rtasida 1-darajali diplom bilan taqdirlangach, qator yillar respublika va xalqaro turnirlarda turli darajadagi diplomlar egasi bo`ldi.
32 ta oltin, 7 ta bronza, 9 ta kumush medal sohibasi Sitora tashkiliy tadbirlarda ham bosh-qosh bo`lib, tengdoshlariga o`rnak ko`rsatmoqda. U Interhet global tarmog`ida o`z veb-sahifasini yaratgan va u orqali yoshlar ishtirokida sportga oid mavzularda onlayn muloqotlar o`tkazib boradi. Viloyatimiz vakilining keyingi o`qishida, sport sohasida, shuningdek jamoat ishlarida zafarlar tilab qolamiz. Omad senga, Sitora. Yulduzdek porlayver! 

O'xshash yangiliklar