MA'RIFAT QUYOSHI SO'NMAYDI

MA'RIFAT QUYOSHI SO'NMAYDI

   Sharq azaldan ilm beshigini tebratib kelgan. Har qanday davrda ham ilm olish uchun hatto dunyoning narigi chekkasiga borishdan og'rinmagan buyuk xalq farzandlari bugungi vaziyatda uyda qo'l qovushtirib o'tirgani yo'q. Umumta'lim maktablarining o'quvchilari ta'tilning ilk kunlaridanoq tashkil etilgan onlayn dars mashg'ulotlarini ishtiyoq, qunt bilan o'rganib borayotganlari ular erishayotgan yutuqlarda bo'y ko'rsatmoqda. Navoiy viloyati fanlarni o'zlashtirish bo'yicha muntazam ravishda ilg'or o'rinlarda kelayotgani jonkuyar pedagoglarning fidoyi mehnatlariga ko'p jihatdan bog'liq. Shuningdek, ta'limda hamkorlik muhim rol o'ynaydi. Ota-onalar va ta'lim muassasasi o'rtasidagi uzviy muloqotning yaxshi yo'lga qo'yilgani kutilgan samara beradi. Karantin davom etayotgan ayni kunlarda mamlakat ertasini o'ylagan hukumatimiz va Xalq ta'limi vazirligi turli yo'nalishlarda onlayn olimpiadalar tashkil etib, o'quvchilar qiziqishini oshirib, ularni turli ko'rinishda rag'batlantirib bormoqda. 
   Internet global ijtimoiy tarmog'i orqali xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda ishtirok etib, o'z bilimlarini sinab ko'rayotgan farzandlarimizning yutuqlari ko'pchilikni quvontirib, tengdoshlarini ilhomlantiryapti. Tabiiy hamda gumanitar fanlar, ayniqsa, til o'rganish bo'yicha ko'rsatkichlar vorislarimizning zukko, bilimdon, tirishqoq ekanligi belgisidir. Xushxabarning qanoti bo'ladi, deyishadi. Shu kunlarda viloyatning turli go'shalaridan quvonchli xabarlar kelib tushishda davom etyapti. 
   Xatirchi tumanidagi 34-umumiy o'rta ta'lim maktabining 5-sinf o'quvchisi Abdullaev Temur, Navbahor tumanidagi 3-umumiy o'rta ta'lim maktabining 6-sinf o'quvchisi Normurodova Dilbar, 7-sinf o'quvchisi Bobonazarova Nigora, mazkur maktabning ingliz tili o'qituvchisi Abdusalomova Dilbarlar xalqaro ELPS (ingliz tili bo'yicha mutaxassislar tanlovi) onlayn tanlovida qatnashib, yuqori uchtalik o'rinlarni zabt etishgan. Bulardan tashqari, tumanlardagi umumta'lim maktablarning o'quvchilari Butunrossiya onlayn "Bilimlar vaqti” tanlovida ishtirok etib, turli darajadagi yuqori o'rinlarni ishg'ol etishgan. Biz bilimdon o'quvchilar va ularning fidoyi ustozlariga tashakkurimizni bildirib qolamiz. Shunday insonlar bor ekan, ma'rifat quyoshi aslo so'nmaydi.

O'xshash yangiliklar