PARVOZLARDAN RUHLANIB

PARVOZLARDAN RUHLANIB

Viloyatimiz yoshlarining respublika darajasidagi nufuzli tanlov va loyihalarda faol ishtirok etishi va yuqori pillapoyalarni egallashi umumta'lim muassasalarida o'quv ishlari va tarbiyaning namunali yo'lga qo'yilganidan dalolatdir. Ketma-ket kelayotgan xushxabarlar qanotida o'quvchi-yoshlarimizning orzu-maqsadlari ko'kka o'rlayotgani ham bor gap. O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan tashkil etilgan "Hayotga qo'shil” shiori ostidagi tanlovda "Eng yaxshi esse” yo'nalishi bo'yicha o'zining "Shukronalik – baxtli bo'lishning asosiy jihati” mavzusidagi ijodiy ishi bilan 2-o'rinni egallagan Nargiza shu kunlarda tengdoshlari va ustozlari tabriklarini qabul qilmoqda. Nargiza Teshaboeva (Teshayeva) Zarafshon shahridagi 3-umumta'lim maktabning 10-sinfida ta'lim oladi. Uning fanlarni, ayniqsa inson shaxsiyati, murakkab tuyg'ular, qalb evrilishlari bilan bevosita bog'liq bo'lgan adabiyot, psixologiyaga qiziqishi baland. Oilaning yolg'iz farzandi bo'lishiga qaramasdan, erkalik, tantiqlikni bilmaydigan, odobi o'ziga juda yarashib tushgan qizimiz 3 ta fandan maktabda tashkil etilgan to'garaklarning eng faol va doimiy ishtirokchisi. Sinf rahbari Sh.Murodovaning aytishiga qaraganda uning birdan-bir orzusi – geografiya o'qituvchisi bo'lish. Geografiya o'qituvchisi D.Qodirova va o'zbek tili, adabiyotidan to'garak rahbari A.Akromovalarning fikriga ko'ra Nargiza maktabning o'ziga xos ideal etaloni hisoblanadi. Bu uning o'ta intiluvchanligi, hayo va iboni o'ziga libos qilib olganida namoyon bo'ladi. Kelajakda Nargizaning o'zi havas qilgan geografiya o'qituvchisi bo'lishini astoydil istaydigan ustozlari va sinfdoshlari unga qanot bo'lishiga ishonamiz. Oq yo'l senga, Nargiza!

O'xshash yangiliklar