MUQADDAS QO'RG'ON

MUQADDAS QO'RG'ON

  Taniqli adib Asqad Muxtorning "Chinor” romanida shunday epizod bor: yosh kelin-kuyovlarni alohida qo‘rg‘onga joylashtirishadi. Baxt nashidasini surib, tinch-totuv yashayotgan juftlikning och qolganligini gumon qilgan chumoli ular uchun bitta boshoqni ortmoqlab, devor tagidagi kovakdan bosh suqqan chog‘i dahshatli gulduros bo‘lib, hamma yoqni vayron qiladi. Bu bir naql bo‘lsa-da, undan kutilgan ma'no olamjahon. Oila – muqaddas dargoh. Unga hech kim daxl qilmasligi lozim.  
  Oila kodeksida uning maqomlari belgilab berilgan. Xususan, 4-moddada shunday deyiladi: O‘zbekiston Respublikasida onalik va otalik izzat-ikromga hamda hurmatga sazovordir. Bu uzoq o‘tmishdan meros qolgan qadriyatlarga asoslangan mezonlarga asosan tadbiq qilingan huquqiy normadir. Azaldan sharq mamlakatlarida oilaning muqaddasligi, ota va onaning mo‘tabar zotligi inkor qilib bo‘lmas qoida sifatida qabul qilingan. Bunga zid o‘laroq esa, g‘arb davlatlarida oila ataladigan ijtimoiy institutning bardavom, mustahkam emasligi ana shu o‘lkalarda ma'naviy qashshoqlashuvning ortishi, jamiyat a'zolari tomonidan insonga xos bo‘lgan eng nozik hissiyotlarning oyoqosti qilinishiga olib keldi. Dahshatlisi, ba'zi mamlakatlarda bir jinsli nikohga rasman ruxsat berilib, mukarram qilib yaratilgan insoniyat nomiga, sha'niga, millat genofondiga tupurilmoqda. 
  Oila sha'ni, undagi o‘zaro munosabatlar, burch va mas'uliyatlar milliy qonunchiligimizda to‘laqonli o‘z aksini topgan, huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, Oila kodeksining 1-moddasida oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha a'zolarining mas'ulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaxsning oila masalalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikdan, oila a'zolari o‘z huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta'minlashdan iboratdir, deya aniq qilib ko‘rsatib o‘tilgan. 
15 may - Xalqaro oila kuni munosabati bilan tuman, shahar xalq ta'limi bo‘limlari tasarrufidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari muqaddas makonni tavsiflovchi va tasvirlovchi videolavhalarni taqdim etishgan. Yoshlarimizning xalq sha'niga munosib bo‘lib ulg‘ayayotgani barchamiz uchun sharafdir.

O'xshash yangiliklar