ONA TILIM O'LMAYDI

ONA TILIM O'LMAYDI

Ming yillarkim, bulbul kalomi,

O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.

Ammo sho‘rlik to‘tining holi

O‘zgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan shaksiz,

Bulbul kuyin she'rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

 

Bugungi kunda dunyoda 6809 ta til mavjud bo‘lib, ularning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p tilli mamlakat sifatida Hindiston tan olinadi. Bu mamlakatda aholi 845 til va lahjada so‘zlashadi. Ikkinchi o‘rinda esa 600 ta til va shevada so‘zlashuvchi Papua – Yangi Gvineya turadi. Sayyoramizda eng ko‘p aholi so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olingan. Birinchi o‘nlikka hindi, bengal, arab, portugal, nemis, rus va yapon tillari ham kiritilgan. Jahon tillarining atigi 4 foizi Yevropa qit`asiga to‘g‘ri kelsa-da, eng ko‘p so‘zlashuvchi tillarning teng yarmi "ko‘hna qit`a”da ekani ma‘lum bo‘ldi. 341 million kishi ingliz tilini ona tili sifatida tan oladi, biroq yana 350 million kishi bu tilni ikkinchi ona tili sifatida ko‘rishini ma'lum qilgan. Tahlilchilar xitoy va ingliz tillari foydalanish bo‘yicha o‘z mavqeini oshirib borayotganini aytishadi. Vaziyatni o‘rganayotgan kuzatuvchilarning fikricha, foydalanuvchilar soni bo‘yicha ayni damda ingliz tili yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, XXI asr o‘rtalariga borib, xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin. Mavjud tillarining 90% ning har biridan 100.000 aholi foydalanadi. Mana shuning o‘ziyoq bu tillarning kelajagi qorong‘uligidan dalolat beradi. Bugungi kunda 357 tilda atigi 50 nafar kishi so‘zlashar ekan. 46 tildan esa atigi bir kishining foydalanishi aytiladi. Ularning o‘limi bilan bu tillar ham yo‘qoladi. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250 taning ichida ekani quvonarli, albatta.

   Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zligini unutgan, millatning yuziga oyoq qo‘yadigan imoni sust hamyurtlarimizdan birining o‘z ona tilini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani ko‘pchilikni junbushga keltirdi. D.Ya ismli bu shaxsning iddaolari bir pullik bo‘lsa-da, uzoq tarixga, benazir o‘tmishga, yuksak madaniyatga ega xalq uchun haqorat edi. Hamiyatni bilmaydigan, og‘zi shaloq bu kimsaning tuman hokimligi madaniyat bo‘limida ishlashini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Minbarlarda kishilarni ma'rifatga chaqirib, vatanparvarlik, millat sha'ni to‘g‘risida va'z qilishi kerak bo‘lgan davlat xizmatchisining saviyasiga qilgan amaliga qarab baho bersa bo‘ladi. Albatta, uning keskin harakatlari, beparda gap-so‘zlari bee‘tibor qoldirilmadi. Muayyan muddatga qamoqqa olingani to‘g‘risida Samarqand shahar ma'muriy sudi raisi ma'lum qilgan.

   Yuqoridagi fikrlarni bildirishga bizni nima undadi? Buyuk millatning oddiy fuqarosi sifatida bizning ham qalbimizga nishtar sanchildi. Jahon adabiyotiga o‘lmas asarlar bilan munosib hissa qo‘shgan millatni, uning tilini shu vatanda yashab, non-tuzini egan kimsa yerga ursa-yu, g‘ururi bor kishi jim tura oladimi?

Munosabatimizning kirish qismida she'ri keltirilgan marhum shoir, el ardoqlagan vatandoshimiz Abdulla Oripovning misralari bilan fikrimizga yakun yasaymiz:

Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,

Unda millat yashar, unda til yashar.

Unda ajdod faxri yashaydi so‘zsiz,

Unda istiqomat qiladi bashar!

 

 


O'xshash yangiliklar