MA'RIFAT ELCHILARI

MA'RIFAT ELCHILARI

   Quyosh olamga nur sochgani singari, kitob inson qalbiga ziyo ulashadi. Qalb esa, buyuk mutasavvuf Jaloliddin Rumiy hazratlari aytganidek, do‘stlar uchrashadigan joydir. Ya’ni, yaratgan bilan inson aynan qalbda suhbat qurar ekan. Ma’rifatning paydo bo‘ladigan maskani ham aslida qalbdir.

   Yurtboshimizning barcha jabhalarga e’tibor qaratayotgani tufayli 2019 yil 7 iyunda insoniyat uchun suv va havodek kerakli soha – kutubxonachilikni rivojlantirish yuzasidan o‘z vaqtida qabul qilingan me’yoriy hujjat: "O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 4354-sonli qaroriga muvofiq, axborot-kutubxona xizmatini sifat jihatidan rivojlantirish, kutubxona sohasida davlat-xususiy sheriklikni, xususiy va elektron kutubxonalar tarmog‘ini rivojlantirish, elektron kitoblar tarqatishga ixtisoslashgan internet resurslar bilan hamkorlikni kuchaytirish, jamiyatning axborot madaniyatini, tariximizga va milliy madaniyatimizga qiziqishini shakllantirish hamda kuchaytirish, mutolaa madaniyatini oshirish asosiy vazifalardan etib belgilandi. Mazkur qarorga asosan 21 may – Kutubxonachilar kuni, deb belgilandi.

   Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimida 468 nafar kutubxonachi, viloyat bolalar kutubxonalarida 38 nafar, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarida kutubxona yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan 10 nafar va viloyat xalq ta’limi boshqarmasida sohani muvofiqlashtirib turuvchi 2 nafar xodimlarning sa’y-harakatlari bilan 2019-2020 o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim muassasalari barcha o‘quvchilari darsliklar bilan to‘liq ta’minlanishiga erishildi. Ta’lim muassasalarida badiiy adabiyotlar soni 609 870 donani tashkil qilib, o‘quvchilar va kitobxonlar saviyasini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.

   Pandemiya sharoitidagi karantinga qaramasdan, yosh avlod va ularning ota-onalariga ma’rifat ulashish tizimli yo‘lga qo‘yildi. Internet global tarmog‘i afzalliklaridan unumli foydalanib, "Ajoyib kitoblar”, "Kitob – qalb gavhari”, "Buyuk xazina”, "Ziyo manbai/uyda qoling”, "Audio va elektron kitoblar”, "Mutolaa – onlayn tarzda”, "Onlayn kutubxona”, "Kutubxona – nurxona/uyda qoling” nomli telegram guruhlar tashkil etilib, 10 minglab kitobxonlarga beminnat xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

   Bolalar kutubxonasi xodimlari tomonidan Facebook tarmog‘i orqali ham kitobxonlik targ‘iboti ishlari doimiy amalga oshirilib kelinmoqda. Viloyat bolalar kutubxonasi bo‘lim boshliqlari facebookda o‘z profillarini ochib, ular orqali barcha kitobxonlik tadbirlari, yangi adabiyotlar sharhlari joylashtirib borilmoqda. Shu bilan birgalikda viloyat bolalar kutubxonasining facebookdagi "Navoiy bolalar kutubxonasi” sahifasi hamda "ziyomaskan.uz” veb sahifasi tizimli ravishda yangilanmoqda. Kezi kelganda, sohada uzoq yillar halol mehnat qilib kelayotgan Zarafshon shahar 1-DIUM kutubxonachisi M.Jumaeva (36 yillik ish staji), Xatirchi tuman xalq ta’limi bo‘limi kutubxonachi-metodisti M.Ahmedova (30 yillik ish staji)larni ibrat sifatida ko‘rsatish mumkin. Kutubxonachilarning fidoyi mehnatlari xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati tomonidan munosib taqdirlanib kelinmoqda va bu ularning keyingi faoliyatlari uchun rag‘bat bo‘ladi.

 


O'xshash yangiliklar