LOYIHALAR - HAYOTGA

LOYIHALAR - HAYOTGA

   Pandemiya sharoitida ta’limning uzluksizligini ta’minlash, yosh avlodning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va foydali tashkil etish, ularda kasb-hunar malakalarini shakllantirish, o‘quvchilarni ma’nan yetuk etib tarbiyalash, iqtidorli va iste’dodlilarini munosib rag‘batlantirish, qo‘shimcha sharoitlar yaratish kun tartibining muhim masalalaridan bo‘lib turibdi. Kelajak egalarining ajdodlarga munosib vorislar bo‘lishida shubhasiz, hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida joriy yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan 28-sonli yig‘ilish bayonida belgilab berilgan dolzarb va muhim topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida viloyat prokuraturasi hamda xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida "Onlayn to‘garaklar”, "Onlayn abituriyent shtabi”, "Onlayn psixologik maslahat” loyihalari ishlab chiqilib, dastlabki mashg‘ulotlar Navoiy shahar Barkamol avlod bolalar markazi va 11-AFChO‘I maktabida viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan tasvirga olinib, navbatdagi ko‘rsatuvlarda namoyish etiladi. 
   Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik, o‘z joniga qasd, suiqasd qilish hamda o‘quvchi-qizlar tarbiyasi bilan bog‘liq salbiy holatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish, shuningdek ota-ona va farzand munosabatlarini yaxshilash, o‘quvchilar ongida kasbiy tushunchalarni shakllantirishda bu kabi onlayn mashg‘ulotlar samarali natija beradi, - deydi xalq ta’limi boshqarmasi pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish sho‘basi mudiri S.Qo‘zieva. Karantin sharoitida oilalarda ota-ona va farzandlar o‘rtasida eng nozik oilaviy munosabatlarga darz ketishi holatlari kuzatildi. Biz zudlik bilan bunday hollarga barham berish, kelib chiqishi oldini olish yuzasidan onlayn-treninglar tashkil etishimiz, konsultasiyalar o‘tkazishimiz lozim. O‘smirlik yoshida o‘tish davrining o‘ziga xos tomonlari, depressiyalar kuzatiladi. Ruhshunoslar turli xil oilaviy muammolarning faktorlarini aniqlash, yechimini topish bo‘yicha kunlik ishlarni yo‘lga qo‘yishlari yuzasidan tavsiyalar berib boryapmiz, - deya gapini yakunladi sho‘ba mudiri.
   Mamlakatimiz rahbarining 2018 yil 5-sentyabrdagi "Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash ayni karantin bilan bog‘liq davrda ayniqsa kutilgan natija beradi, - deydi Navoiy shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirining o‘rinbosari M.Tursunov. "Onlayn Abiturient shtabi” loyihasi o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy, intellektual rivojlanishini ta’minlash, davlat ta’lim standartlari talablari darajasida har-bir o‘quv yili uchun bitiruvchi sinflar va tegishli o‘quv fanlari kesimida o‘quvchilarni qiziqishlariga ko‘ra oliy ta’limning bakalavriat yo‘nalishlariga kasbga yo‘llash, ularni kirish sinovlariga ommaviy, guruhli va yakka tartibda tayyorlashni maqsad qilgan. Ishni to‘g‘ri tashkil eta olsak, kutilgan natijaga albatta erishamiz.
Xulosa shuki, farzand tarbiyasida e’tiborsiz, mayda jihatning o‘zi bo‘lmaydi. Faqatgina ularning qiziqishlarini to‘g‘ri aniqlab, yo‘llay olish kerak, xolos.

O'xshash yangiliklar