OYDIN YO'LDAN ODIMLANG

OYDIN YO'LDAN ODIMLANG

   Maktab davri... Biz necha yoshda bo‘lmaylik, uning xotiralari bilan yashaymiz. O‘qib yurgan paytlarimiz yomon ko‘rgan sinfdoshimiz ham yillar o‘tib, eng yaqin sirdoshimiz ekanligini anglaymiz. Maktab ostonasidan hatladikmi, hayot degan ummonga sho‘ng‘irkanmiz, unda bizni urishib turib ovutadigan ustozlar, xato qilsak bo‘yalgan betini yashirish uchun yirtilishiga ham rozi bo‘ladigan qog‘ozlar, bir qo‘ng‘irog‘i bilan minglab bolani bag‘riga oladigan maskanni endi topolmasligimizdan afsuslanamiz. 
   Mamlakatimiz maktablarida So‘nggi qo‘ng‘iroqning jarang sochishi boshlandi. O‘zbekistonda 25 may kuni nishonlanadigan bayram o‘quv yili tugaganda, lekin bitirish imtihonlaridan avval o‘tkaziladi. Bu 11 yil jonajon maktabda o‘zidan kichiklarni uka-singil, ustozlarni opa-aka, degan o‘quvchilarning  hamma bilan xayrlashuv tadbiri aslida. Bu kun rasmiy so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinadi. Odatda biror bitiruvchi yelkasida qo‘lida maktab qo‘ng‘irog‘ini ushlab olgan birinchi sinf o‘quvchisini o‘tqazib, davrani aylanib chiqadi. Bu yaxshi niyat, sen ham bizdek ulg‘ayib, shu kunlarga yet, qo‘ng‘iroqlar sadosi biz ketganimizdan so‘ng ham jaranglab turaversin deganidir. 
   Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun darslar onlayn tarzda o‘tkazildi. Karantin talablariga ko‘ra bu yil maktablarda "So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Bu esa bitiruvchilarning kayfiyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Chunki maktab bilan xayrlashuv tadbiri bir umr insonning xotirasida saqlanib qoladigan holatlardan biridir.
O‘quvchilarning kayfiyatini ko‘tarish va ularga yoqimli xotiralar taqdim etish maqsadida UZREPORT TV Xalq ta’limi vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda "So‘nggi qo‘ng‘iroq” onlayn loyihasini tashkil qilishga qaror qildi.
   "So‘nggi qo‘ng‘iroq” onlayn tadbirida maktab direktorlari, o‘qituvchilar va ota-onalar bitiruvchilarni bayram bilan onlayn tarzda tabriklashadi. Shuningdek, bitiruvchilarning o‘zlari ham jonli efirda o‘z do‘stlari va ustozlariga tilaklar bildirish imkoniga ega bo‘lishadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z postlarida #bitiruvchi_2020_online xeshtegidan foydalangan holda har bir inson ushbu bayramga qo‘shilishi mumkin.
   Viloyatda tahsil olayotgan o‘quvchilar umumiy soni 178254 nafar. Shundan bitiruvchilar 13037 nafarni tashkil etadi. Bugun o‘n uch mingdan ortiq yoshlar qalbida kuchli hayajon hukmron. Beg‘ubor yoshlik damlarining eng quvnoq, shodon lahzalari maktab bilan bog‘liq. Qolaversa, ularni dunyoning ilmlari bilan tanishtirgan aziz kishilari bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, bu doimiy bo‘lmasa ham, endi mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarimiz o‘z yo‘llarini tanlashlariga to‘g‘ri keladi. Ulg‘aygach esa, bolalik sho‘xliklari, erkaliklari bilan ajralishni hayotning o‘zi taqozo qiladi.
   Aziz yoshlar, kelajak egalari! Sizning bugungi xayrlashuvingiz keyingi hayot uchun yo‘llanmadir. Mamlakatimiz ertasi uchun kerakli inson bo‘lishingizni, umr yo‘llaringiz oydin bo‘lishini tilab qolamiz! Oq yo‘l Sizga aziz yoshlar!

O'xshash yangiliklar