YANGI MAKTAB BINOLARI QURILISHI BOSHLANDI

YANGI MAKTAB BINOLARI QURILISHI BOSHLANDI

   Keyingi yillarda umumta'lim maktablarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, o‘quv binolarini rekonstruksiya qilish, yangidan qurish ishlari jadallik bilan ketayapti. Bu, o‘z navbatida ta’lim sifatini yaxshilash, zamonaviy binolarda eng so‘nggi axborot texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda ilm olish imkoniyatlariga ega bo‘lish demakdir. Yillar davomida eskirgan, tashlandiq binolarda sovuq qotib o‘qib kelgan o‘rta avlod vakillari bunday tub o‘zgarishlardan ko‘zlari quvonmoqda. Yoshlarimiz ham zamon bilan hamqadam bo‘lib, ilm borasida xorijiy tengdoshlaridan qolishmayapti. Ularning dadil, shaxdam qadamlari o‘zlariga bo‘lgan ishonch, yurt kelajagiga yarash kayfiyatiga uyg‘un.
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10-yanvardagi "2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4565-sonli qaroriga asosan viloyatda xalq ta’limi muassasalarining qo‘shimcha o‘quv binolarini yangitdan qurish ishlari mahalliy dasturga muvofiq olib borilmoqda. 2019-2020-o‘quv yilida Navoiy shahridagi 16-AFChO‘I maktabning 630 o‘quvchiga mo‘ljallangan, loyiha qiymati 4 mlrd. so‘mdan ziyod bo‘lgan binosi "Navoiy qishloq qurilish” mas'uliyati cheklangan jamiyatining qo‘li gul ustalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Mazkur ob’ektni joriy o‘quv yili boshlanishida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
   Navbahor tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 27-umumta’lim maktabning 320 o‘quvchi quvvatiga ega bo‘lgan o‘quv blogi ham yangidan qurilib, ishga tushiriladi. 
   Navoiy viloyati xalq ta’limi sohasida respublika viloyatlari orasida peshqadamlardan bo‘lib kelgan. Bunda albatta, fidoyi pedagoglar, oilalardagi an’analar, ijtimoiy hamkorlik muhim rol o'ynaydi. Yangi o‘quv binolari o‘quvchilarning shinam va yorug' xonalarda emin-erkin va yayrab bilim olishlarida ahamiyat kasb etadi.


O'xshash yangiliklar