INNOVASION TEXNOLOGIYALARNI QO‘LLASHDA SINOV DAVRI BO‘LDI

INNOVASION TEXNOLOGIYALARNI QO‘LLASHDA SINOV DAVRI BO‘LDI

   Bugungi kunda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimidagi 365 ta umumta’lim maktablarini 27139 nafar o‘quvchilar bitirishdi. Bitiruvchilarning 14102 nafarini 9-sinf, 13037 nafarini 11-sinf o‘quvchilari tashkil etadi. 14102 nafar 9-sinf bitiruvchilarining 656 nafari imtiyozli shahodatnoma bilan bitirgan bo‘lsa, 13037 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 25 nafari kumush, 125 nafari oltin medallar bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarini imtiyozli ravishda tamomladi. Butun dunyo hamjamiyatini sarosimaga solib qo‘ygan "Kovid-19” pandemiyasi tufayli mamlakatimizda e’lon qilingan karantin natijasida barcha ta’lim muassasalarida ommaviy tarzda masofali o‘qitish tajribasini qo‘llashga to‘g‘ri keldi. Ikki oydan ortiq vaqt mobaynida Xalq ta’limi vazirligi hamda respublika milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan onlayn darslar orqali o‘quvchilarga masofaviy ta’lim berildi. Viloyatimiz ta’lim tizimida ham bu jarayonning samarali amalga oshirilishiga katta e’tibor qaratildi.
   Joriy yilda viloyat bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil olgan o‘quvchilar soni 178254 nafarni tashkil etdi. Hozirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasining rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy kanallari, shuningdek, tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari bilan lokal hujjatlar almashish uchun telegram messenjeri orqali tashkil etilgan guruhlar tizimli ishlab turibdi. Bunday vositalar orqali xalq ta’limi bo‘limlari, maktablar ma’muriyati va o‘qituvchilarning o‘zaro muloqoti uchun sharoitlar yaratilgan.
   Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda e’lon qilingan karantin ta’limda innovasion texnologiyalarni qo‘llash uchun bir sinov davri bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. O‘z o‘rnida, o‘quvchilar va o‘qituvchilarning AKTdan unumli foydalanish, masofaviy ta’limda ishlash uchun, ma’lum ma’noda, raqamli savodxonligini o‘sishiga olib keldi. Chunki, istaymizmi-yo‘qmi, jahon tajribasidan ko‘rinib turibdiki, onlayn ta’lim an’anaviy ta’limga jiddiy raqobatchi sifatida maydonga chiqmoqda. Bundan tashqari, ota-onalarning o‘z farzandlari bilan individual ishlashiga, o‘zaro ko‘proq muloqot qilishiga, dars tayyorlashga ko‘maklashish davomida bu kasbning naqadar mashaqqatli ekanligini tushunishlariga ham sababchi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Ammo tan olish kerak, masofaviy ta’lim jarayoni bir qator muammolardan ham xoli bo‘lmadi. Jumladan, internet texnologiyalaridan foydalanish uchun pedagoglar va o‘quvchilarning barchasida ham bilim yetarli emasligi, ayrim hududlarda internet tezligining pastligi yoki internetga ulanish imkoniyatining yo‘qligi, ta’lim oluvchilarda masofaviy o‘qish uchun texnik vositalarning (kompyuter, noutbuk, gadjetlarning) mavjud emasligi va boshqalar. Shubhasiz, bunday holat ta’lim sifatiga va barcha o‘quvchilarni ta’limga birdek qamrab olishga ta’sir etmasdan qolmadi. Bugungi kunda bunday muammolarning oldini olish bo‘yicha ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, "O‘zeltexsanoat" uyushmasi hamda Xitoyning Weidong Cloud Education kompaniyasi elektron ta’lim tizimida qo‘llash uchun kompyuter uskunalari ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Mazkur hujjat o‘qituvchilarimizga kompyuterlarni arzon va lizing orqali uzoq muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyatini beradi. Qolaversa, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yil 11-may kuni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda soha mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Yig‘ilishda kelgusi o‘quv yilida "1 million dasturchi” loyihasiga 47 ming nafar o‘quvchini qamrab olish, sohaga zamin yaratish uchun maktablarda 7-sinfdan boshlab dasturlash asoslarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
   Ma’lumki, har yili mart-iyun oylarida pedagog kadrlarni attestasiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish jarayonlari tashkil qilinmoqda. Jumladan, joriy yilda viloyatlardagi oliy va birinchi malaka toifalari hamda bosh va yetakchi o‘qituvchi lavozimlariga talabgor pedagoglarni malaka sinovlarini real vaqt rejimida va onlayn tarzda 25-martdan            10-aprelga qadar o‘tkazish belgilangan edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli bunday malaka sinovlarini respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan keyin o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida, joriy yilda amal qilish muddati tugaydigan malaka toifasi to‘g‘risidagi sertifikatlarning amal qilish muddati 31-dekabrga qadar uzaytirildi.
   Bu yilgi pedagog kadrlar attestasiyasida pedagoglar uchun navbatdagi (majburiy) va o‘z arizalariga ko‘ra muddatidan ilgari qatnashayotgan pedagoglar bir vaqtda, ya’ni joriy yilning mart-iyun oylarida o‘tkazilishi belgilangan edi. Ular uchun qulayliklar yaratish maqsadida barcha o‘quv fanlaridan attestasiyalar onlayn tarzda tashkil etiladi. Ushbu jarayonlarda viloyatimizdan jami 5775 nafar pedagog xodimlar ishtirok etish uchun ariza topshirgan bo‘lib, 11 nafar pedagog oliy toifani himoya qilish uchun, 1028 nafar pedagog oliy toifani olish uchun, 2280 nafar pedagog birinchi toifani olish uchun, 2456 nafar pedagog ikkinchi toifani olish uchun ishtirok etadilar. Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda e’lon qilingan qisqa muddatli karantin tufayli tashkil etilgan onlayn ta’lim kelajakda masofaviy ta’limni yanada rivojlantirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni tahlil etishga imkon yaratdi. Qolaversa, raqamli iqtisodiyotni sohaga joriy etish, pedagoglarimizning bu boradagi malakalarini oshirish va ta’lim berishning innovasion uslublari yaratishda eksperiment vazifasini o‘tadi, desak adashmaymiz.

O'xshash yangiliklar