UMID NIHOLLARI -2018

UMID NIHOLLARI -2018

    Ommaviy axborot vositalari bilan har kuni tanishib borar ekanmiz, yurtimiz sportchilarining xalqaro musobaqalarda erishayotgan yutuqlaridan xursand bo‘lamiz. Qalbimiz g‘urur va iftixor tuyg‘ulari bilan limmo-lim to‘ladi. Albatta, erishilayotgan yutuqlar zamirida yurtimizdagi sport sohasiga, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan katta e'tibor yotganligini yaxshi anglaymiz. 
Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan uch bosqichli sport musobaqalarining dastlabki nuqtasi, ta'bir joiz bo‘lsa, Olimp cho‘qqisi tomon sportchilarimizni yo‘llaydigan marra hisoblangan "Umid nihollari" sport musobaqalarining final bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimlari hududlarda "Yoshlik va sport bayrami" sifatida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
         Joriy yilning 16-may kuni uch mingdan ortiq sportsevar yoshlar jam bo‘lgan Navoiy shahridagi "Yoshlik" o‘yingohida "Umid nihollari – 2018" sport musobaqalarining final bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i va "Umid nihollari" sport musobaqalarining ramziy bayrog‘i ko‘tarilgach, butun stadiondagi yoshlar yurtimiz madhiyasini baralla kuylashdi. O‘yingoh uzra tinchlik ramzi bo‘lgan oq kabutarlarning yuksak parvoz qilishi bayram ishtirokchilari qalbiga o‘zgacha his-hayajon ulashdi.
     O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Qahramon Akmalov, Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov, Navoiy shahridagi 8-maktab direktori Fozil Bo‘riyevlar sport, do‘stlik va go‘zallik bayrami bilan barchani muborakbod etishdi. Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi, bir necha xalqaro musobaqalar g‘olibasi Go‘zal Islomova, dzyudo bo‘yicha jahon chempionati kumush medali sohibi Maqsud Ochilovlar tengdoshlarini erishgan yutuqlari bilan tabriklab, ushbu musobaqalar ular uchun jahon chempionatlari, olimpiada musobaqalari sari tashlangan dadil qadamlar bo‘lib qolishini tilashdi.
  Shundan so‘ng sportning 21ta turi bo‘yicha "Umid nihollari – 2018" sport musobaqalarining final bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchi yoshlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Sovg‘alarni viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Nurbek Ulug‘berdiyev, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shahlo Narziyeva, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi rahbari Jamshid Xodjayev, Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyor Doniyorovlar tantanali ravishda o‘z egalariga topshirishdi. 
  Musobaqalarning hududiy final bosqichida umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egallagan zarafshonlik sportchilar, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan xatirchilik sportchi-o‘quvchilar 2- va 3-darajali diplom, medal va kubok bilan, faxrli 1-o‘rin sovrindori Navoiy shahri terma jamoasi esa oliy sovrin bo‘lgan "Prezident sovg‘asi" – "Damas" rusumli avtomashina bilan taqdirlanishdi. Diplom, kubok, qimmatbaho sovg‘a va yengil avtomashina kalitini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Qahramon Akmalov, Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi rahbari Jamshid Xodjayev, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Nurbek Ulug‘berdiyevlar musiqa va olqishlar sadosi ostida yosh sportchilarga topshirishdi.
"Umid nihollari –2018" sport musobaqalarining taqdirlash marosimida davlat va jamoat arboblari, taniqli sportchilar, madaniyat va san'at vakillari ham ishtirok etishdi.
El sevgan san'atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturlari, turli badiiy chiqishlar namoyish etilib, ushbu taqdirlash marosimi navoiylik o‘quvchi-yoshlar uchun tom ma'noda yoshlik va sport bayramiga aylandi.

Normurod OCHILOV,
"Yoshlik" JTSJ viloyat mintaqaviy bo‘limi raisi o‘rinbosari.


O'xshash yangiliklar