JAVOHIRNING JADAL ODIMLARI

JAVOHIRNING JADAL ODIMLARI

   Insoniyat ilmiy-texnik taraqqiyotning tobora jadallashgan davriga kirib kelyapti. Integrasiya shu darajada shiddatli tus olmoqdaki, ba’zan unga tenglashib olish qiyin kechyapti. Buning uchun shaxs tinimsiz o‘z ongini o‘stirib, aqlu tafakkurini charxlab borishi ham ma'naviy, ham moddiy ehtiyoj kasb etmoqda. Yuqoridagi mezonlar asosida qaraydigan bo‘lsak, yoshlarimiz sa’y-harakatlarida zamonaga hamohanglik, muvofiqlik, moslik mavjudligini ko‘rish mumkin. Milliy taraqqiyot, jamiyatni demokratlashtirish va iqtisodiyotni tobora rivojlantirish, davlat boshqaruvini takomillashtirishda o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi muhimdir.
   Muhtaram yurtboshimiz Sh.Mirziyoev bir guruh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, yosh olimlar bilan uchrashuvlarining birida "Ilmni, tarbiyani to‘g‘ri hal qilsak, hamma sohalarni malakali mutaxassislar o‘zlari rivojlantiradi”, deb aytganlarida mutlaqo haq edi. Oliy ta’lim muassasalari jamiyatga kerakli mutaxassislarni yetishtirib berar ekan, barcha sohalardagi talab va taklifni inobatga olishi, xalqaro siyosat, iqtisodiyotni chuqur marketing qilishi, global jarayonlarni faol kuzatishi va tadqiq etishi shart. Shuning bilan birga, davlat boshqaruvi san’atini har bir bitiruvchiga singdira olishi zarur.
   Yoshlarda tashabbuskorlikni shakllantirish, liderlik qobiliyatlarini o‘stirish va ularni rag‘batlantirish borasida keyingi yillarda bir qancha me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bu hujjatlarning harakatlanishi mexanizmi ham joriy etilib, tashabbus, kovorking markazlari ishga tushirildi. Natijada o‘sib kelayotgan yosh avlodning qiziqishlari, alohida qobiliyatlari aniqlanib, to‘g‘ri yo‘naltirish seleksiyasi izchil yo‘lga qo‘yildi. Navoiy viloyatida ta’lim va tarbiyadagi uyg‘unlik, yoshlarga oid davlat siyosatini aniq amalga oshirish, ilmiy innovasion markazlar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish o‘z samarasini bermoqda. Buning hosilasi sifatida yoshlar orasida ilm va fanning yuqori cho‘qqilarini egallayotganlar soni o‘sib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17-noyabrdagi 914-sonli qarorida yoshlar ittifoqi tizimida ko‘p yillik fidoyi mehnati, tabiiy yetakchilik qobiliyatini namoyon etgan, vatanparvar, yurt kelajagiga daxldorlikni his qiladigan, boshqa insoniylik xususiyatiga ega yoshlarni tavsiyanoma asosida o‘zlari yashayotgan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga imtiyozli o‘qishga qabul qilish belgilab qo‘yilgan.
   Navoiylik Javohir Husenov Navoiy shahridagi 16-DIUMni joriy yilda bitirdi. U ko‘p yildan buyon O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sardorlar kengashida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu yillar davomida o‘z yetakchiligini to‘laligicha namoyon etib, 2018 yil 7-9 noyabr kunlari Farg‘onada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va "Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarining respublika saylovida "Respublika ittifoqi sardori” etib saylandi. 2019 yildagi respublika sardorlar forumi doirasida Senat raisi Tanzila Norboeva va Axborot, ommaviy kommunikasiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyevalar bilan uchrashib, sardorlar ishini rivojlantirish bo‘yicha o‘zining aniq takliflarini bildirdi. Xullas, Javohirning sa’y-harakatlari inobatga olinib, hududiy komissiya tavsiyanomasiga muvofiq Navoiy davlat pedagogika institutiga imtiyozli ravishda bakalavriatga o‘qishga qabul qilindi.
   Javohirning keyingi faoliyatida jo‘shqinlik va fidoyilik yanada kuch olishiga tengdoshlari va ustozlari ishonch bildiradi. Jadal odimlayver, Javohir!

O'xshash yangiliklar