ZAR QADRINI ZARGAR BILAR

ZAR QADRINI ZARGAR BILAR

   "Siz yoshlarning haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotganingiz barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi”.
Sh.Mirziyoyev
   Ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, yurt kelajagi uchun mas'ul qilib voyaga yetkazish mashaqqatini ularning jajji qo‘llaridan tutib, yangi olamga yetaklab kirgan, so‘ngra dunyoviy bilimlarga oshno etib, kamolot yo‘lini ko‘rsatib qo‘ygan o‘qituvchilar yaxshi anglashadi. Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i bo‘lgan maktabda qalb qo‘rini yurt farzandlarining ertasi uchun xarj qilib kelayotgan ustozlarni qanchalik sharaflasak arziydi.
   Zarafshon shahri sahro qo‘ynida barpo etilgan sirli makon, mo‘jiza shahar. Oltintoparlar maskani bo‘lmish bu hududda faoliyat olib borayotgan boshqa kasb egalarini kamsitmagan holda, shuni alohida qayd etmoqchimizki, haqiqiy fidoyi, peshqadam pedagoglar ana shu zaminda mehnat qilishadi. Bu yerning o‘ziga xos geografiyasi mavjud: yozi issiq va quruq, qishi ayozli va izg‘irin. Shunday sharoitda mehnat qilishning o‘zi ham jasorat, aslida. Pedagoglarning asosiy, eng ulug‘ maqsadlaridan biri – ona-Vatan ertasi uchun qayg‘uradigan, mamlakat istiqbolini o‘ylaydigan, daxldorlik tuyg‘usi bilan nafas oladigan yoshlarni tarbiyalash, ularga asriy qadriyatlarni singdirish, zamonaviy bilim berishdir.
   Davlatimiz rahbarining rahnamoligida keyingi yillarda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni kelajakning munosib vorislari etib voyaga yetkazish yo‘lida keng qamrovli, mazmundor, salmoqli islohotlar amalga oshirildi. Qisqa vaqt oralig‘ida yoshlarga oid, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, to‘laqonli shart-sharoitlar yaratib berishga doir tashkiliy ishlar amalga oshirildi, huquqiy baza yaratildi. Yoshlar masalasiga oid 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Bu yoshlar, ular taqdiriga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir. Albatta, yoshlar ham bunga javoban o‘zlarining ilm-ma’rifati hamda tashabbuskorligi bilan javob bermoqdalar. Zarafshon shahrida bugun 13 ta umumta’lim maktablari mavjud va ularda 15705 nafar o‘quvchilarga 1656 nafar jonkuyar pedagoglar saboq berib kelyapti. Oxirgi ikki yil ichida "Obod mahalla” dasturi doirasida shahardagi 5 ta umumta’lim maktablari 20 mlrd. 587 mln. so‘mga mukammal ta’mirlandi. Joriy yilda ham bu xayrli ish davom ettirilib, "Zamonaviy maktab” loyihasi asosida 8-umumta’lim maktabida mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
   O‘quv yili tugayotgan joriy yilda iqtidorli o‘quvchi-yoshlarga chuqurlashtirilgan bilim berish va ularni ixtisoslashtirish maqsadida shaharda Yaponiyaning BEEANZ IT KOMPANIYaSI bilan hamkorlikda IT akademiyasi tashkil etildi. 11-AFChO‘IM bazasida "Abiturient akademiyasi” tashkil etilgani ham kelajakka qo‘yilgan qadamdir. Barcha ta’lim muassasalariga Infokiosklar sovg‘a qilingan. Amerika qo‘shma shtatlarining Klinton shahri bilan do‘stlik ko‘priklari o‘rnatilib, ko‘pgina sohalarda hamkorlik olib borilyapti. 
   Mehnatni qadrlash, mukofotlash keyingi faoliyat uchun rag‘bat bo‘lishi shubhasiz. Joriy yilda 2 nafar pedagog "Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi, 1 nafari Xalq ta’limi vazirligining "Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi. Qator yillardan buyon shahar ta’lim berish sifati bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. O‘tgan yili shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablar bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha respublika reytingida yuqori o‘rinnni egallab, Prezident tomonidan "Spark” avtomobili bilan taqdirlandi. Joriy yilgi 971 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 15 nafari "Oltin medal”, 2 nafari "Kumush medal” bilan, 9-sinf bitiruvchilarining 1168 nafaridan 48 nafari "A’lo darajali” shahodatnomalarga da’vogarligi o‘qitish ishlarining darajasini belgilab turibdi. Shahardagi 2 ta umumta’lim maktabning 3 nafar bitiruvchisi Turin Politexnika Universitetiga o‘qishga qabul qilingani aniq bo‘ldi.
   "Biz o‘quvchilarimizning mamlakat ijtimoiy hayotida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lib, yorqin kelajakni birgalikda yaratishlariga ishonamiz” – deydi shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari M.Ibrohimova. Ha, zar qadrini zargar biladi.

O'xshash yangiliklar