JURNALISTIKAGA ILK QADAM

JURNALISTIKAGA ILK QADAM

   Axborotlar oqimi kuchayayotgan, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy, mafkuraviy hayotga u yoki bu turdagi axborotlarning real ta’siri ortib borayotgan bugungi davrda har-bir shaxsdan o‘ta hushyorlik, teran fikrlash, keng mushohada talab etiladi. Jamiyatda kechayotgan hodisalarga shaxsiy munosabat, o‘z qarashlarini erkin ifodalash, so‘z erkinligi shaxsiy huquqlardan sanaladi va mamlakatimiz qonunchiligi bilan himoya qilinadi. Pandemiya sharoitida o‘quvchi-yoshlarning ijodkorligini rivojlantirish, badiiy tafakkurini o‘stirish, atrofda kechayotgan voqea-hodisalar, jarayonlarga shaxsiy munosabatini erkin ifodalash ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan "Jurnalistikaga ilk qadam” onlayn-loyihasi tashkil etildi. 
   Loyihaga viloyatning turli hududlaridan o‘quvchilar o‘z ijodiy ishlarini onlayn tartibda taqdim etib borishdi. Kelib tushgan ishlarning mavzu doirasi xilma-xilligi, jurnalistik yo‘nalishdagi kichik epik janr bo‘lgan lavha, essedan tortib reportajlargacha borligi o‘quvchilarimiz intilish doirasi qamrovini ko‘rsatib berdi. Improvizasiya tarzidagi videolavhalar, savol-javob, interv’yular yoshlarda jurnalistika sohasiga iqtidor, qobiliyat shakllanib kelayotganining yaqqol isbotidir. 
10 ta mezon asosida 5 ballik tizimda baholab borilgan ijodiy ishlar Ishchi guruh tomonidan xolis o‘rganib chiqildi va munosiblari taqdirlandi. Loyiha yakuniga ko‘ra mutlaq yuqori ball to‘plagan Zarafshon shahri 3-umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi N.Teshayeva 1-o‘rinni, Navoiy shahri, A.Navoiy nomidagi DIUM 11-sinf o‘quvchisi M.Xo‘jayeva va Karmana tuman, 10-umumta’lim maktabning 9-sinf o‘quvchisi R.Mustafoyevalar 2-o‘rinni, Navoiy shahridagi 16-DIUMning 9-sinf o‘quvchisi I.Bozorboyeva, Uchquduq tumanidagi 20-umumta’lim maktabning 9-sinf o‘quvchisi R.Saidnazarov, 10-umumta’lim maktabning 11-sinf o‘quvchisi M.Abdurasulova, Karmana tumanidagi 9-umumta’lim maktabning 7-sinf o‘quvchisi Q.Murtozayevlar 3-o‘ringa sazovor bo‘lishdi. G‘oliblarga boshqarmaning diplom va esdaliklari topshirildi. Mamlakatimizda oshkoralik va demokratiyaning tom ma’noda o‘rnatilishida ana shunday qalami o‘tkir yoshlarimizning hissasi bo‘lishiga ishonamiz.

O'xshash yangiliklar