MEDALLAR TAQDIMOTI

MEDALLAR TAQDIMOTI

   Ayni kunlarda bitiruvchilar uchun qizg‘in va hayajonli damlar boshlandi. Ular yillar davomida ta’lim va tarbiya olgan jonajon maktablari bilan xayrlashib, kimdir oliy ta’lim muassasasi, yana kimdir mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish maqsadida ishlash uchun yo‘llanma oladi. Mustaqil hayotga uchirma bo‘layotgan yoshlarimiz dillarida olam-olam orzular limmo-lim. Ezgu, nurli niyatlar ularga doimo hamroh bo‘lib qolishini astoydil istab, oq yo‘l tilaganlarning ham xotiralarida yoshlik pallasining sururli damlari bosh ko‘taradi. 
   Inson umid bilan yashaydi. Umr dovonining so‘qmoqlarida umidlari unga qanot bo‘ladi. Yorug‘ kelajakni bunyod etishda kuch-quvvat, iroda va shijoat baxsh etadi. Navbahor tumanidagi bitiruvchilarni ta’limdagi yutuqlari bilan qutlash hamda ishonch bilan urib turgan ko‘ksilariga oltin va kumush medallarni taqib qo‘yish maqsadida tuman hokimi L.Oblaqulov uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22-fevraldagi 154-sonli qaroriga muvofiq, bitiruvchilarning jamoatchilik ishlarida faol ishtiroki, ta’lim muassasasi rivoji uchun jonkuyarlik qilganligi, turli yo‘nalishdagi tashkiliy tadbir va ko‘rik-tanlovlarda faol ishtiroki hamda o‘qigan yillarida a’lo baholar bilan bitirganligini inobatga olib, jami 5 nafar bitiruvchi oltin hamda  1 nafari kumush medallar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 
Orzulari oydin yoshlarimizga oq yo‘l tilab qolamiz!

O'xshash yangiliklar