NAVOIYDA DELHI WORLD SCHOOL MAKTABI OCHILADI

NAVOIYDA DELHI WORLD SCHOOL MAKTABI OCHILADI

   Sharq falsafasi va hayotiy ta’limoti o‘ziga xos yondashuv, umumlashmalarga ega ekanligi bilan jozibador. Ming yillarki "ustoz-shogird” an’anasi davom etib kelayotgan ko‘hna qit’ada inson takomili, shaxs tarbiyasiga alohida muhim masala sifatida qaraladi. Bu borada azaliy qadriyat, jahoniy tajribaga tayaniladi. Keyingi yillarda xalq ta’limi sohasiga innovasion pedagogik texnologiyalarni tadbiq qilish, jahonning eng ilg‘or mamlakatlari o‘qitish usullarini joriy etish va milliy xalq pedagogikasidan unumli foydalanish kutilgan samara bermoqda. 
   Hindiston mamlakati boy ma’naviy merosi va ta’lim sohasidagi yutuqlari bilan ham dunyoda yetakchi o‘rinlarda. "Kalila va Dimna”, "Panchatantra”, "Ramayana” kabi dunyoga mashhur ma’rifiy dostonlar tarbiya masalasida katta qomusiy qo‘llanma ekanligi bilan qadrlanadi. 
  Hindistonlik investor tashabbusidagi loyiha Navoiy viloyat hokimligi tomonidan qo’llab-quvvatlandi hamda xususiy ta’lim muassasasini ishga tushirish yuzasidan maktab uchun viloyat Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasining bo‘sh turgan binosi ajratib berildi. Dunyoning ko’plab davlatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Hindistondagi mashhur Delhi world school xususiy tayyorlov maktabini bunyod etish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
   Maktabimizda o‘quvchilarning puxta bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Mavjud binodagi 200 o‘ringa mo‘ljallangan 30 ta o‘quv xonalari milliy qadriyatlar asosida jihozlanadi. Asosiy e’tibor bolalarning ruhiyatidagi ko‘tarinkilik va bilimlar dunyosidagi ilk qadamlarini mustahkamlashga qaratiladi. Ushbu maktabning boshqa xususiy maktablardan farqi ta’lim Edumatters, ya’ni ta’lim va amaliyot tizimi asosida tashkil etilganligidir. Maktab hovlisida «Buyuk daholar chorbog‘i» tarbiya xiyobonini barpo etish ham rejalashtirilgan. Bu yerda nafaqat o‘zbek va hind xalqlari allomalari, balki dunyo tan olgan boshqa allomalar haykallaridan iborat kompozisiya tashkil etiladi. Bu esa o‘quvchilarning o‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lgan holda global fikrlaydigan, umuminsoniy qadriyatlarni himoya qiladigan oltin avlod bo‘lib yetishishiga zamin yaratadi. "Maqsadimiz, ilm bilan faqat o‘z yo‘lini emas, o‘zgalar hayotini ham nurga to‘ldiradigan oltin avlodni tarbiyalashdan iboratdir”, deydi xususiy maktab tashabbuskori Sanjay Bxan. Xalqaro xususiy maktabdagi fanlar Hindistondagi yuqori malakali o‘qituvchilar tomonidan ingliz tilida (O‘zbekiston tarixi, o‘zbek tili va adabiyoti bundan mustasno) olib boriladi. O‘quvchilar suhbat asosida qabul qilinib, iqtidori va imkoniyati doirasida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
   Ayni kunda 2020/2021 o‘quv yili uchun qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini 4-5-6 yoshli bolajonlarni o‘qishga qabul qilish bilan boshlaydi. Keyinchalik talab va takliflar asosida yuqori sinf o‘quvchilari ham qabul qilinadi. Mazkur dargohda tahsil olgan o‘quvchilar dunyodagi nufuzli kollej va oliygohlarda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O'xshash yangiliklar