HAR BIR BITIRUVCHI E’TIBORDA

HAR BIR BITIRUVCHI E’TIBORDA

   Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchillik bilan amalga oshirib kelinyapti. Buning natijasida yoshlarning ijtimoiy faolligi oshib, jamiyat hayotidagi ishtiroki ta’minlanmoqda. Bitiruvchilarning tadbirkorlik tashkil etish borasidagi tashabbuslari, loyihalari "Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, moliyalashtirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi komissiyaga taqdim etib borilmoqda. Joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari ham yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan manzilli loyihalarni hayotga tadbiq etmoqda. Konimex tumanida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga ozuqabop takroriy ekinlar ekilishi aholining bunday mahsulotlarga bo‘lgan talabini qondirish bilan birga, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish, shu bilan bir vaqtda bekorchilik tufayli turli nojo‘ya, ijtimoiy xavfli harakatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu maqsadda tuman hokimligi tomonidan "Har bir yoshga 50 sotix” loyihasi o‘tkazildi. 
   Loyiha doirasida 100 nafar yoshlarga yer ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 13 nafari ishsiz yoshlar, 87 nafari esa 11-sinf bitiruvchilari hisobiga to‘g‘ri keladi. Yaqindagina "Alisher Sunnat” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan 8 gektar maydoni 10 nafar bitiruvchi yoshlarga hamda 6 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga foydalanish uchun ajratildi.
   Qiziltepa tumanida ham "Yoshlar oyligi” doirasida O.Xudoyberdiev rahbarligidagi "Loko print” mas’uliyati cheklangan jamiyatning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamiyatning ishga tushirilishi 10 nafar yoshlarning ish bilan ta’minlanishiga zamin yaratdi. Korxonada sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun turli yorliq, quti, o‘quv qurollari tayyorlanadi. Yosh tadbirkor "Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 700 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu korxonaga birinchi navbatda 11-sinf bitiruvchilarini ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
   Yoshlarimizga yaratilayotgan imkoniyatlar mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi. Shuning bilan birga, aholi real daromadlarining oshishi, turmush darajasi yaxshilanishiga asos bo‘ladi.

O'xshash yangiliklar