ERTAMIZ EGALARIGA E'TIBOR

ERTAMIZ EGALARIGA E'TIBOR

   Umr yugurik suvdir. Inson hayotining eng beg'ubor davri yoshlik onlari. O'z shiddati, samimiyati bilan ham totli damlarni tortiq qiladigan palla, bu. Kunlar, daqiqalar, lahzalar xotiralarga muhrlanib boraveradi. Kezi kelganda munavvar va farahbaxsh bu hislar insonni yorug'lik, ziyo sari chorlashi bilan ham buyuk qiymatga ega.
   Kun kelib ortga qaraganda shirin damlar sasini dildan tuyadigan balog'at yoshidagi yigit-qizlar bilan hayot atalmish mo'jizakor dunyoga yo'llanma berish vaqti etib keldi. Jonajon maktabini tark etib, hayot shahodatnomasini qo'liga olayotgan yoshlarimiz qalbida ulkan orzular mujassam. Bilim ummonidan terib chiqqan duru injularini xalq baxtu saodati yo'lida ishlatishga shay turgan yoshlarimizni viloyat hokimi Q.Tursunov Navoiy shahridagi "Yoshlar markazi”da bo'lib o'tgan uchrashuvda samimiy qutladi.
   Uchrashuvda kun tartibiga taalluqli tashkilot rahbarlari: viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i N.Ulug'berdiev, Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, texnika fanlari doktori B.Sobirov, Navoiy davlat konchilik instituti prorektori, texnika fanlari doktori B.Mardonov, viloyat kasbiy ta'limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig'i B.Hosilov, viloyat prokurori Sh.Aminov, tegishli mutasaddi korxona va tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
   "Mana, bugun yangi o'quv dargohi ostonasida turibsiz, yana bir bosqich pillapoyalaridan odimlashga shaysiz. Bu yurt, bu mamlakatda siz yoshlar uchun hamma sharoitlar muhayyo qilingan. O'qishga, izlanishga, hech kimdan kam bo'lmay ta'lim olishga imkoniyat yaratib berilgan. Bugun siz O'zbekistonning komil o'g'il-qizi bo'lib ulg'aydingiz. Yoshsiz, aqlingiz butun, ko'nglingiz to'q, yo'lingiz oydin. Orzularingiz osmon qadar keng. Har bir o'tayotgan kundan nimadir olish, nimadir o'rganish istagidasiz, – deya yoshlarga murojaat qildi viloyat hokimi. Bizning siz navqiron avloddan umidimiz katta. Vaqti kelib, mamlakat istiqbolini, yorug' kelajakni mana shu erda to'planib turganlar rivojlantirishiga aminmiz. Bu yo'lda Siz azizlarga tolmas bilak, o'tli yurak, teran aql, kuchli bilim tilab qolamiz. Yo'llaringiz ravon bo'lsin!”
  Tugallanayotgan o'quv yilida umumta'lim maktablarini 13043 nafar 11-sinf o'quvchilari bitirib chiqadi. Shulardan 25 nafari kumush, 125 nafari oltin medalga sazovor bo'lishdi.
  Joriy yilda umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va viloyat oliy ta'lim muassasalarini muvaffaqiyatli yakunlagan, alohida yutuqlarga erishgan bitiruvchilarni viloyat hokimligi tashakkurnomalari, ish beruvchilar va tijorat banklari sertifikatlari bilan taqdirlash marosimi ko'tarinki ruhda o'tkazildi. Bu tadbir yoshlar xotirasida iliq esdalik bo'lib qolishi shubhasiz. Uchrashuvda umumta'lim maktablarini a'lo baholar va namunali xulq bilan tugallagan 20 nafar o'g'il-qizlarga oltin medal, 11-sinfni muvaffaqiyatli yakunlab, muddatidan oldin oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish huquqini qo'lga kiritgan 10 nafar bitiruvchiga viloyat hokimligi tashakkurnomasi, kasb-hunar kollejlarini muvaffaqiyatli tamomlab, imtiyozli diplom olib, o'z tengdoshlariga o'rnak ko'rsatgan 10 nafar yoshlarga viloyat hokimligi tashakkurnomasi, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablarini tugallab, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagini bildirgan 10 nafar yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish bo'yicha sertifikatlar, shuningdek, Navoiy davlat pedagogika institutini imtiyozli tugatib, o'z pedagogik faoliyatini boshlagan 12 nafar, Navoiy davlat konchilik institutini muvaffaqiyatli tugallab, o'z mutaxassisliklari bo'yicha faoliyatini boshlagan 5 nafar bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi.

O'xshash yangiliklar