OLTIN DAVR

OLTIN DAVR

   Yoshlik... Qanchalar dilga mehmon bo‘lgan dilbar davr. Yurak zarbi qalb amri bilan bir xil maromda uradigan shiddatli palla. Insonning qalbida beg‘uborlik, bahor chechaklari gullaydigan fasl. 
   Bugungi yoshlarimiz o‘tgan asrdagi tengdoshlaridan tubdan farq qiladi. Ular zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini besh qo‘lday biladigan, siyosiy jihatdan yetuk, ishbilarmon va tadbirkor. Ular sanoatning turli sohalarida kattalar bilan teng sharoitlarda mehnat qilishyapti, yurt sarhadlarini ishonch bilan qo‘riqlashyapti, asr qurilishlarida kelajak inshootlarini tiklashyapti, xullas, barcha jabhalarda ularning mustahkam, metindek buzilmas safi mavjud. 
   Ilm-fan cho‘qqilarini zabt etayotgan zamondoshlarimiz qatorida ixtirochi, fundamental tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan yoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. IT parklarda o‘z dasturlarini yaratayotgan yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarda nufuzli o‘rinlarni egallab kelayotgani ham sir emas. Bugun viloyatimizda 178 254 nafar yoshlar ta’lim olib kelyapti. Tugallanayotgan o‘quv yilida namunali xulqi va a’lo baholarga o‘qiganligi uchun 25 nafar bitiruvchi kumush va 125 nafari oltin medalga loyiq topildi. 
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3-maydagi "Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4307-sonli qarori asosida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xalq ta’limi vazirligining 2019 yilga mo‘ljallangan ish rejasiga asosan, 2019 yilda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda    9 ta respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilib, o‘quvchi-yoshlar Respublika ko‘rik-tanlovlarning beshtasida 1-o‘ringa, uchtasida 2-o‘ringa va bittasida 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Umumta’lim maktablarida ta’lim sifatiga qaratilayotgan e’tiborning natijasida Qiziltepa tumani 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchisi Islomov Diyor va 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Rizaev Ibrohimjonlar Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan Xalqaro mental arifmetika olimpiadasida faol ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Zarafshon shahar ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Fayzullayev Temur matematika fanidan Singapur olimpiadasida ishtirok etib faxrli 1-o‘rin qo‘lga kiritib oltin medal sohibi hamda Qarshi shahrida o‘tkazilgan "Qarshi Open-2019” Xalqaro shaxmat turnirida Navoiy shahar      11-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi Ravshanov Sherali 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Karmana tumani 21-sonli maktab 11-sinf o‘quvchisi Haydarov Humoyun Masharip o‘g‘li Janubiy Koreya davlatida bo‘lib o‘tgan "IRO-2019” xalqaro robotexnika olimpiadasida faxrli III o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Innovasion g‘oya va texnologiyalarni rivojlantirish va ularni amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shganligi uchun "Innovasion g‘oyalar yetakchisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
   Tugallanayotgan o‘quv yilida viloyatimizning 11-sinfini bitirganlar orasidan 50 nafardan ortig‘i muddatidan oldin republikamiz va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Bular ichida xalqaro olimpiada va musobaqa g‘oliblari bor.
Farzandlarimiz hech kimdan kam emas va kam bo‘lmaydi. Aziz yoshlar, yo‘lingiz doimo nurafshon bo‘lsin!

O'xshash yangiliklar