ZIYО AXTARIB

ZIYО AXTARIB

Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda,
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amgin zamonda.
U bilan qol tanho, hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.
Abdurahmon Jomiy
   Buyuk allomalardan biri kitob, ilm xususida shunday degan: "Ilm mol-dunyodan yaxshidir, chunki ilm seni nojoiz ishlarni qilishdan saqlaydi. Molni esa o‘g‘irlab ketmasliklari uchun o‘zing qo‘riqlaysan. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa tarqatish bilan yanada ziyoda bo‘laveradi”.
   Kitob – insoniyatning eng yaqin do‘sti, aql xazinasi, bilim manbaidir. U fikrlash quroli, xazinalar kalitidir. Buni juda yaxshi bilgan ajdodlarimiz kitobni qadrlashgan, ko‘zga to‘tiyo qilib, e’zozlashgan. Axborot-kommunikasiya texnologiyalari taraqqiyoti natijasida va internet global tarmoqning keng tarqalishi sababli kitobga e’tibor biroz susaygani rost. Biroq barcha birdek kitob o‘qimay qo‘ydi, deyishlik ham xato bo‘ladi. Bu borada oiladagi an’analar muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qush uyasida ko‘rganini qiladi. Vaziyat taqozosiga ko‘ra Navoiy shahridagi A.Qodiriy nomidagi axborot-kutubxona markazi va "Farhod” madaniyat saroyining mutolaa zallariga kirishga to‘g‘ri keladi. Bu yerlarda mukkasidan tushib, kitob mutolaasi bilan band bo‘lgan ko‘pchilik yoshlarni ko‘rib dilimiz ravshan tortadi. Demak, adabiyot, tariximiz tirik. Madaniyat, milliy ma’naviyatning teran ildizlari asriy qadriyatlaridan suv ichyapti. Texnika asri ma’naviyatimiz sarchashmasini siqib chiqara olmasligiga ishonch bildirsak bo‘laveradi.
   Koronavirus pandemiyasi boshlanishi bilan Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, joriy yilning 18-martidan kitobxonlarga bevosita xizmat ko‘rsatish to‘xtatilib, masofadan xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Viloyat Bolalar kutubxonasi xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoq dasturlari orqali kitob targ‘iboti ishlari tizimli yo‘lga qo‘yildi. 
"Ziyomaskan”, navoiy ziyomaskan "UYDA QOLING”, "NAVOIY BK HISOBOTI” gruppa va kanallari orqali 2350 ta elektron kitoblar, 1276 ta audio kitoblar va audio ertaklar, 240 ta video, 705 ta boshqa turdagi ma’lumotlar taqdim etib borilmoqda. 20 ga yaqin telegram guruh va kanallar tashkil etilib, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish uchun audio kitoblar, elektron kitoblar, darsliklar, qisqa hikoyalar, psixologik o‘yinlar, rasmli topishmoq hamda boshqotirmalar yetkazilmoqda. Yozgi ta’til davomida 6-8-sinf o‘quvchilari bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish maqsadida ular o‘rtasida "She’riyat shaydolari” tanlovi 25 iyundan 20 avgustga qadar o‘tkazilmoqda. 
   Bugungi qiyin sharoitda farzandlarimiz kelajagi, ma’naviyatini o‘ylab, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan R.Rizayeva boshchiligidagi bolalar kutubxonasi eng ko‘p kitobxonlar auditoriyasini jalb etgan holda respublikadagi turdoshlari orasida 2-o‘rinda turibdi. Gruppa va kanallardagi a’zolar soni 6364 nafar, foydalanuvchilarga 20744 ta elektron adabiyotlar, 7762 ta audio adabiyotlar va 4530 ta boshqa turdagi ma’lumotlar orqali xizmat ko‘rsatildi. 
Ziyokorlarimizga ota-onalar va ularning farzandlari nomidan tashakkur bildiramiz. Ilm olamidan ziyo axtarib, insonlar qalbiga nur ulashayotgan jonkuyar kutubxonachilar, salomat bo‘ling!

O'xshash yangiliklar