SAN’ATGA OSHUFTA QALBLAR

SAN’ATGA OSHUFTA QALBLAR

   Viloyatimizning o‘quvchi-yoshlari ijodiy faoliyat bilan muntazam shug'ullanishmoqda. San’at kishining estetik didini tarbiyalab, madaniyatga oshno qiladi, qalblarning nozik sirlarini chertishga o‘rgatadi. Tana va ruhning uyg‘unligi ajib bir kompozisiya hosil qilib, kishini sehrlar dunyosiga yetaklaydi. Navoiy shahridagi 3-umumta’lim maktabidagi san’at to‘garagida bu boradagi ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgani sababli, kichik qizaloqlarning dilrabo kuylarimiz jo‘rligidagi raqslari ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy shahar kengashi tomonidan tashkil etilgan "Kamalak yulduzlari” respublika ijodiyot festivali shahar bosqichida "D” yo‘nalishi, ya’ni milliy raqs, bal hamda zamonaviy raqslar bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan "Jilo” raqs jamoasi viloyat bosqichida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu ularga yanada qanot bag‘ishlab, respublika "Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalida laureat bo‘lishdi. 
   "Qizlarimiz raqsining jozibasi o‘ylaymizki hali katta davralarda juda keng auditoriyalarni o‘ziga jalb etadi, - deydi maktab direktori F.Fayziyeva. – Ularning ko‘zidagi san’atga bo‘lgan oshuftalikni ko‘rib, milliy san’atimiz yo‘qolib ketmasligiga ishonchimiz ortadi”.
    Jajji qizlarimizning parvoziga omad tilaymiz.

O'xshash yangiliklar