MUNOSABAT

MUNOSABAT

   Otabek Nuritdinovning Facebook ijtimoiy tarmog'idagi shaxsiy profilida joriy yilning 11-14-iyul kunlari e'lon qilgan ma'lumotiga Navoiy viloyat xalq ta'limi boshqarmasining rasmiy munosabati
   Ijtimoiy tarmoqlarda muloqot turlarining kengayishi ortidan ko'pincha insonlarga ortiqcha dahmaza, behalovatlik soya tashlab, qimmatli vaqtni petisiyalarga javob qaytarish uchun sarflashga to'g'ri kelyapti. Ba'zi blogerlar o'zi shohidi bo'lmagan, kimlardir tomonidan ko'pirtirib, to'n kiydirilgan gaplarga butkul ishonib, kimningdir ishchanlik obro'si, qadr-qimmatiga putur etkazib qo'ymoqda. Andijonlik bloger O.Nuritdinov tomonidan ijtimoiy tarmoqqa qo'yilayotgan Navoiy viloyati xalq ta'limi boshqarmasiga taalluqli postlarda ham xolislik va betaraflik etishmaydi. Negaki, Navoiy viloyatidagi asl holat, xalq ta'limi sohasidagi vaziyatni baholash uchun undan bevosita va bilvosita xabardor bo'lish lozim.
  Yurt kelajagi, millat farzandining ertasini o'ylaydigan sofdil, ma'rifatli ajdodlarimiz bejizga tarbiya biz uchun yo saodat, yo halokat, deya bong urmagan. Farzandlar tarbiyasi yo'lida turli tarafkashlik, kundalik mayda gaplar, ikir-chikirlardan balandroq bo'lishimiz lozim. Zero, bolaning begonasi bo'lmaydi. Ularning baxtu saodati uchun qayg'urar ekanmiz, ish jarayonida ba'zan hissiyotga berilib, kimgadir aytgan achchiq kesatiq, og'ir gaplarni yuragingizga yaqin olmasligingizni so'rayman. Navoiy viloyati xalq ta'limi yuksalishida har bir hududning o'z salohiyati, alohida o'rni borligini hech qaysimiz inkor etmaymiz. Xususan, bu borada Xatirchi tumani o'ziga xos maktab yaratgan. Bu yurtning Umarqul Po'lkan, G'aybulla As-Salom, Vafo Fayzulloh kabi o'tli shoirlari, olimlari, yurt so'ragan dongdor kishilari ilmga oshno bo'lib kelgan va bu an'ana bugungi kunda ham davom etyapti. 2019-yil huquqshunoslik fanidan respublika olimpiadasida 2-o'rinni egallab, soha bo'yicha imtiyozli ravishda oliy ta'lim muassasasiga o'qishga qabul qilingan 6-umumta'lim maktab bitiruvchisi Olimova Durdona Norbo'ta qizi yurt sha'nini himoya qilgan. Joriy yilda mamlakatimizning 28 nafar qizlari Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bo'lgan bo'lsa, ularning biri Xatirchi tumanidagi 5-umumta'lim maktabning 11-sinf o'quvchisi, "Sport ustasi” unvoni sohibasi, shaxmatchi qizimiz Saparova Sitora bo'ldi. Bu ham viloyatning yutuqlaridan biri, tumanning ko'rsatkichlaridan hisoblanadi.
  Tuman aholisi zichligi, maktab yoshidagi bolalar sonining ko'pligini inobatga olib, joriy yilda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-apreldagi 41-sonli rayosat majlisining Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi mablag'lari hisobidan viloyatimizdagi 10 ta maktabdan Xatirchi tumanida 2 ta (1/5 qismi), ya'ni 216 o'quvchi o'rinli 75-umumta'lim maktabi rekonstruksiya, 544 o'quvchi o'rinli 38-umumta'lim maktabi esa mukammal ta'mirlashga rejalashtirilgan va ishlar boshlangan. Bulardan tashqari, 2020-yil Investisiya dasturiga asosan viloyatda jami 7 ta, Xatirchi tumanida 3 ta (yarmidan ortig'i), ya'ni 27-, 40-, 9- va 6-umumta'lim maktablari tushirilgan bo'lib, ularda ham rekonstruksiya, mukammal ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Tuman ta'lim sohasini rivojlantirish uchun qilinayotgan sa'y-harakatlar xalq ta'limi boshqarmasining ijobiy pozisiyasini yaqqol ko'rsatib turibdi.
Tuman pedagoglarining o'z kasblariga sadoqati va ta'lim-tarbiyadagi fidoyiliklarini davlatimiz tomonidan berilgan mukofotlar ham tasdiqlaydi. 2017-yilda 2 nafar, 2018-yilda 3 nafar, 2019-yilda 4 nafar soha xodimlari "Xalq ta'limi a'lochisi” va 1 nafari "Xalq ta'limi fidoyisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan. 2018-yilda 1 nafar hamda 2019-yilda 1 nafar pedagoglar Davlat mukofotlariga sazovor bo'lganligi o'qituvchilik kasbini sharaflab kelayotgan hamkasblarimizning jonkuyarligi ifodasidir.
  Tumanda ta'lim-tarbiya sifatini oshirish bo'yicha boshqarma boshlig'i boshchiligida 2019-2020 o'quv yilida 5 marta tanqidiy-tahliliy yig'ilishlar o'tkazilib, tegishli chora-tadbirlar ko'rilgan.
  Bloger Otabek Nuritdinovni ijtimoiy sahifalarida ma'lum qilingan barcha ma'lumotlarni viloyat xalq ta'limi boshqarmasi viloyat xalq ta'limi, ayniqsa Xatirchi tuman xalq ta'limi sohasi obro'sini jamiyatda, ta'lim fidoiylari o'rtasida tushirish uchun qilingan harakat deb hisoblaydi (Sababi, barcha ma'lumotlarni rasmiy manbalarga tayanmagan holda yoki hech qanday jurnalistik surishtiruv o'tkazmasdan e'lon qilingan).
Albatta, yutuqlar o'zimizniki. Ammo, xotirjamlikka berilishga hozircha haqqimiz yo'q. Chunki, ta'limda ham Koronavirus infeksiyasi sababli, bajarilishi kerak bo'lgan ishlar ancha to'planib qolgan. Yangi o'quv yili kun sayin yaqinlashib kelmoqda. Karantin holatining ham qancha muddat davom etishi noma'lum. Shunday ekan, barchamiz birdamlik bilan, bir yoqadan bosh chiqarib ta'lim muassasalarini tayyorlash, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash, xalqaro baholash tizimiga puxta tayyorgarlik ko'rish, ta'lim sifatini oshirish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar qo'llashimiz shart.
  Bizning ishimizni chetdan kelib birov qilib bermaydi, muammolarimizni o'zimiz hal etamiz. Shuni e'tiborga olib, viloyatga tegishli bo'lgan masalalarni boshqa viloyatdagi bloger yoki internet jurnalistlarga uzatib, "buyurtma” maqolalar tashkil etishni to'xtatib, eng shimarib ishga kirishaylik.

O'xshash yangiliklar