YUKSAK DOVONLARNI KO‘ZLAB

YUKSAK DOVONLARNI KO‘ZLAB

  Keyingi yillarda asrimizning eng so‘nggi yutuqlaridan biri – axborot kommunikasiya texnologiyalari kirib bormagan soha qolmadi. Ayniqsa, yoshlarimiz bu borada ildamlab borayotgani quvonchlidir. Yurtboshimizning tashabbuslariga muvofiq Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda "Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi ishga tushirilib, mamlakatimiz yoshlarini 4 ta yo‘nalish bo‘yicha onlayn o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad – yoshlarni sohaga jadal jalb etish orqali ularni raqamli iqtisodiyot, frilanserlik, targetolog, AKT marketing, dasturlash borasidagi bilimlarini oshirish, keyinchalik bu boradagi ishbilarmonlik g‘oyalarini hayotga tadbiq etishga yetarli salohiyatni shakllantirishdir. Olingan bilimlarni o‘zlarining real maqsadlariga muvofiqlashtirish ko‘nikmalarini hosil qilish ham asosiy maqsadlardan sanaladi. O‘qitish davomida yoshlarning matematik mantiq va algoritm nazariyani chuqurroq egallashlariga e’tibor qaratiladi.
  Ijtimoiy tarmoqlarning o‘ziga xos jihatlaridan biri - unda bevosita masofadan turib ishlash va daromad qilish qulayligidir. Bu pandemiya sharoitida va boshqa paytda ham ko‘p ustuvorliklar, imtiyozlar yaratadi. Bu yo‘l bilan mablag‘larni tejash hamda uy sharoitida o‘ziga xos ish muhiti yaratish mumkin.
  Navoiy viloyati umumta'lim maktablari o‘quvchilari onlayn loyihada faol ishtirok etib kelyapti. Yaratilayotgan imkoniyatlar ertaga o‘z samarasini berishiga ishonch o‘quvchilarni jiddiy yondashuvga undamoqda. Karmana tumanidagi 8-umumta’lim maktabning 9-sinf o‘quvchisi Qambarov Abdumalik faol ishtiroki uchun 1500 AQSh dollari miqdorida yutuqqa ega bo‘ldi. 
- O‘g‘lim 7-sinfdan buyon veb-sahifalar yaratish, dizayn grafikasiga alohida qiziqadi, - deydi onasi Lobar Qambarova. Uning qiziqishlarini inobatga olib, uy ishlarida unga yengilliklar berib, ortiqcha yuklamalar bermaymiz. Maktabdagi ustozi, informatika fani o‘qituvchisi O.Nurmatovning ham mehnatlarini ta‘kidlab o‘tish zarur. O‘g‘lim uning yordamiga tayanib, sohaga oid bilimlarni ancha o‘zlashtirib olmoqda. Men kelajakda farzandimning oila byudjetiga katta ulush qo‘shishiga ishonaman. Bundan tashqari, jamiyatga foydasi tegishi ham meni quvontiradi. Ha, Abdumalik yuksak dovonlarni ko‘zlab turibdi. Mehnat va mashaqqat bilan erishiladigan ishning oxiri xayrli bo‘lishi, shubhasiz.

O'xshash yangiliklar