XALQ TA'LIMI BO'LIMLARIGA DAMAS BERILDI

XALQ TA'LIMI BO'LIMLARIGA DAMAS BERILDI

Navoiy viloyati respublikamizda hududining kattaligi bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasidan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Bu esa xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 367 ta ta'lim muassasalari, jumladan, shundan 353 ta umumiy o'rta ta'lim maktablari, 11 ta "Barkamol avlod” bolalar markazlari, 2 ta Mehribonlik uylari, 1 ta viloyat axborot-resurs markazi juda tarqoq joylashganidan dalolat beradi. Albatta, har bir ta'lim muassasasi elektr, gaz, ko'mir, issiq va sovuq suv bilan ta'minlanib kelinmoqda. Ammo ularni sarf qilishda barcha ta'lim muassasalari ham energiyani tejaydigan uskunalar bilan ta'minlanmagan. Aksariyati "o'z umrini o'tab bo'lgan” uskunalar hisoblanadi. Muhandislik-kommunikasiya tizimlarini ham talab darajasida deb bo'lmaydi. Zero, xalqimizning boyligi bo'lgan energiya resurslarini tejab-tergab ishlatish esa bugungi kunning eng dolzarb masalasi ekanligini barchamiz bilamiz.
Ana shunday muammolarning oldini olish, muhandislik-kommunikasiya tizimlarini talab darajasida ekspluatasiya qilish, joriy ta'mirlash va nazorat qilish, shuningdek elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar iste'molining hisobi va hisobotini qat'iy yuritishni davrning o'zi taqozo etmoqda. Shu maqsadda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 avgustdagi PQ-3231-sonli "Ta'lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga asosan O'zbekiston Respublikasi Moliya hamda Xalq ta'limi vazirliklarining 2018 yil 1 fevraldagi 28-sonli qo'shma buyrug'i qabul qilingan bo'lib, mazkur buyruqga asosan tuman (shahar) xalq ta'limi bo'limlarining Maxsus ta'mirlash-ekspluatasiya xizmatlarini bajarish bo'yicha bo'linmalar tashkil etildi.
Yaqinda Navoiy shahridagi 6-umumta'lim maktabida viloyatdagi tuman (shahar) xalq ta'limi bo'limlarining Maxsus ta'mirlash-ekspluatasiya xizmatlarini tashkil etish bo'linmalari uchun maxsus jihozlangan 16 ta "Damas” avtomashinalarini topshirish tadbiri bo'lib o'tdi. Tantanali tadbirni viloyat hokimi o'rinbosari Faxriddin Soliev kirish so'zi bilan ochar ekan, mazkur avtoulovlardan maqsadli foydalanish lozimligini ta'kidlab o'tdi. Shundan so'ng  viloyat hokimi o'rinbosari Faxriddin Soliev hamda xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i Nurbek Ulug'berdiev avtomashinalar kalitini o'z egalariga tantanali ravishda topshirdilar. Jumladan, Karmana, Qiziltepa, Nurota, Xatirchi, Konimex, Navbahor tuman xalq ta'limi bo'limlariga 2 tadan, Navoiy, Zarafshon shahar, Tomdi, Uchquduq tuman xalq ta'limi bo'limlariga 1 tadan "Damas” avtomashinasi topshirildi.
Tadbirda so'z olgan tuman va shahar xalq ta'limi bo'limlari mudirlari mazkur avtomashinalar qat'iy nazorat ostida Maxsus ta'mirlash-ekspluatasiya xizmatlarini bajarish, har yili belgilangan muddatlarda ta'lim muassasalarini yangi o'quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlashga xizmat qilishlarini ta'kidlashdi.
Shundan so'ng Navoiy shahri maktablaridan tashrif buyurgan iste'dodli o'quvchilar tomonidan qo'shiq va raqslar ijro etildi.
 
Abdixoliq Jo'raev.

O'xshash yangiliklar