YURT IFTIXORLARI

YURT IFTIXORLARI

Mustaqillik bergan ne’matlardan biri – yurtdoshlarimizni shuur tutqinligi, fikr qaramligidan xalos qilganligidir. Dunyo tamadduniga munosib ulush qo‘shib kelgan ajdodlarning vorislari asl yurt farzandlari ekanligini o‘z amallari bilan isbotlashmoqda. Iste’dodlar ko‘z ochmoqda. Ularni rag‘batlantirish, parvoziga ruh bag‘ishlash maqsadida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan turli manzilli tadbirlar qo‘llanib, mukofotlar ta’sis etilayotgani ertamiz egalari tashabbusiga qanot bo‘layotir.
Yurtboshimizning bilimli, iqtidorli, intiluvchan va tashabbuskor, halol va samarali mehnatlari bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotgan, qat’iy hayotiy pozisiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega yoshlarni "MARD O‘G‘LON” davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarori va unga muvofiq mukofotlanganlar uchun bu kun bir umr yodda qoladigan quvonch hadya etdi.
Qarorga muvofiq "MARD O‘G‘LON” mukofoti sovrindorlarining har biri bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Quvonchlisi, mukofotlanganlar ro‘yxatida Navoiy shahridagi 4-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Haydarov Suhrob Suranbayevichning borligidir.
Suhrob 2018-yilda "Youht techno art-2018” bolalarning texnik ijodkorligi festival – tanlovining Respublika bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallagan. 2018-yilda "Iqtidorli yoshlar Respublika forumi”da faol ishtiroki uchun Tashakkurnoma bilan taqdirlangan.
2018-yil Navoiy viloyati hokimligi tomonidan yosh olimlar klubi hamda yoshlarning innovasion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 000 000 (bir million) so‘mlik chek olgan. 2018-yilda "Youth techno art” Bolalarning texnik ijodkorligi festivalining "Robototexnika” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olibi bo‘lib, 1-darajali diplom berilgan.
2018-yilda "Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garak a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan "Ijodkor bolalar” festival-tanlovida faxrli 1-o‘ringa ega bo‘lgan. 2019-yilda "Barkamol avlod” bolalar markazlarida texnik ijodkorlik yo‘nalishdagi to‘garaklarni rivojlantirish maqsadida "Robototexnika” o‘quv-amaliy seminarda faxrli 1-o‘rinni egallagan.
2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan "Innoday-2019” yosh ixtirochilar festival-tanlovining viloyat bosqichida faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan. 2019-yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkazilgan "Kibersport” turi bo‘yicha faxrli 2-o‘rin sohibi bo‘lgan.
2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim vazirligi tomonidan maktablar o‘rtasida "Kashfiyotchi bolalar” Respublika ko‘rik-tanlovining "Robototexnika” yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 2-o‘ringa munosib ko‘rilgan. Shu yilning o‘zida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida o‘tkazilgan "Robo sumo” turi bo‘yicha faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
2019-yil bo‘lib o‘tgan "World Youth Conference” xalqaro yoshlar konferensiyasida faol qatnashib, Sertifikat bilan taqdirlangan. 2019-yilda "Youht techno art-2019” bolalarning texnik ijodkorligi festival-tanlovining Respublika bosqichida faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan. O‘sha yili Serbiya davlatida bo‘lib o‘tgan xalqaro "RoboBrain” tanlovida faol ishtiroki uchun diplom bilan taqdirlangan.
2019-yil Rossiya Federasiyasining Nijniy Novgorod shahrida xalqaro "Kampus-2019” "Robototexnika” turnirida faxrli 3-darajali diplom bilan taqdirlangan. 2019-yil Vengriya davlatining D’or shahrida bo‘lib o‘tgan "WRO-2019” xalqaro "Robototexnika” olimpiadasida Osiyo mintaqasi bo‘yicha faxrli 1-darajali diplomni qo‘lga kiritgan.
2020-yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Start tech” xalqaro meetingda 2019-yil mobaynida "Eng yosh ixtirochi” nominasiyasi egasi bo‘lgan. Izlanuvchan va iste‘dodli yosh qahramonimiz muvaffaqiyatlardan ruhlanib, o‘z ustida tinimsiz ishlash orqasidan yurt sha’nini himoya qilishga astoydil bel bog‘lagan. 
2020-yil Rossiya Federasiyasida bo‘lib o‘tgan xalqaro "Robototexnika” va VR olimpiadasida 70 davlat orasida 3-darajali diplom bilan taqdirlanib, final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Navoiy viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan "Orzuimdagi robot” sirtqi tanlovining viloyat bosqichida faol ishtiroki uchun faxrli 1-o‘rinni egallagan.
Suhrobning yurt sha’nini bundan keyin ham munosib ravishda himoya qilib, tengdoshlarini bir safga birlashtirishiga barchamiz ishonch bildiramiz. Oq yo‘l senga, Suhrob!

O'xshash yangiliklar