IGNA BILAN QUDUQ QAZISH...

IGNA BILAN QUDUQ QAZISH...

Ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan allomalardan biri uni "igna bilan quduq qazish” deya ifodalaydi. Haqiqatan olib qaralganda, bu o‘xshatish juda ham o‘rinli. Chunki, fundamental tadqiqotlar olib borish uchun talabgor tom-tom kitoblarni sinchiklab o‘qib chiqishi, o‘z ilmiy farazlari, konsepsiyasini qiyosiy o‘rganishi, dissertasiyadagi prinsipial yangiliklarni ilmiy asoslashi shart bo'ladi. Ayniqsa, muallif o‘qituvchi, buning ustiga ayol kishi bo‘lsa, yuklamalar salmog‘i ikkki karra ortiq bo‘lishi shubhasiz. Chunki, u maktabda yurt farzandlariga saboq berishi, uy-ro‘zg‘or yumushlari uddasidan chiqishi, darsga tayyorgarlik ko‘rishi va bulardan ortib ilmiy ish bilan shug‘ullanishi kerak.
Xatirchi tumanidagi 74-umumta’lim maktabida o‘zbek tili va adabiyotdan dars berib kelayotgan Nilufar Tosheva ana shunday fidoiy va jonkuyar o‘qituvchi, saranjom uy bekasi, yaqin kunlardan buyon esa – adabiyotshunos olima. U 2017 yil 2 dekabrda qabul qilingan buyruqqa asosan, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetining mustaqil tadqiqotchisidir. Uning qo‘l urgan ilmiy ishi o‘zbek adabiyotiga oid. Dissertasiya mavzusi: "Hozirgi o‘zbek nasrida folklorga oid vositalarning poetik funksiyasi” deb nomlanadi. Ilmiy ish atoqli nosir Isajon Sulton asarlari misolida tadqiq etilgan. Rahbarining zabardast adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov ekanligi mas’uliyat hissining nechog‘li ulkan bo‘lganini isbotlaydi. Qahramonimiz 2020 yilning 7 sentyabr kuni universitet huzuridagi Ilmiy kengashning 100 foiz ovoziga binoan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoniga ega bo‘ldi.
Ishning o‘ziga xos jihatlaridan biri, unda milliy oilaviy muloqotlar, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar, ma’naviy qadriyat elementlarining tadqiq etilishidir. Xususan, qarg‘ishlar, ularning inson hayoti, psixikasiga ta’siri singari elementlar qamrab olinganidir.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, ilmni ayol kishi qiladigan bo‘lsa, undagi batartiblik, zargarona chevarlik, nafis did va mohirlik uyg‘unlashib, mukammal asar dunyoga keladi. Hassos chevar igna bilan ham quduq qazishi mumkin!

O'xshash yangiliklar