MEHNATIDAN QADR TOPGANLAR

MEHNATIDAN QADR TOPGANLAR

   Gulnora opani viloyatdagi ziyolilar, jamoatchilik juda yaxshi tanishadi va hurmatlaydi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Qahramonimiz uzoq yillardan buyon xalq ta’limi sohasida halol mehnat qilib, 36 yildan e’tiboran yosh avlod bilan hamqadam. 2005 yildan beri Navoiy shahridagi 11-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashgan maktabda direktor. Uning ta’limga ayricha mehri, fidoiyligi natijasi o‘laroq mazkur ta’lim muassasasi 2011-2019 yillarda mamlakatimizdagi 9695 ta umumta’lim maktablari orasida kompleks reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinni egallab keldi. Direktor boshqaruvni ilmiy asosda tashkil etib, pedagog xodimlar faoliyatini takomillashtirishga erishdi. O‘quv jarayoniga eng ilg‘or tajribalarni tadbiq etish natijasida bugungi kunda maktabda 35 nafar oliy toifali, 50 nafar birinchi toifali, 45 nafar ikkinchi toifali yuqori malakali pedagoglar yurt farzandlariga bilim beryapti.
   Ayni kunlarda maktabda faoliyat ko‘rsatayotgan 3 nafar o‘qituvchi "Shuhrat” medali, 57 nafar o‘qituvchi "O‘zbekiston      Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Gulnora Jumaniyozova rahbarlik qilgan yillarda pedagog xodimlarning ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borish kun tartibidagi eng muhim masalaga aylandi. Natija esa juda yuqori. 2014-2019 o‘quv yillari davomida o‘qituvchi va o‘quvchilar jamoasi respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvi hamda turli ko‘rik-tanlovlarda, shuningdek, xalqaro miqyosida tashkil etilgan sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egalladi.
   Maktab bitiruvchilaridan Go‘zal Jumaniyozova (Dilso‘z) va Farrux Bahronovlar "Nihol” Davlat mukofoti, Nigora To‘ymurodova esa Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan.
So‘nggi 7 yil ichida maktabning bir qator o‘qituvchilari "Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Shundan 5 nafar o‘qituvchi 1-o‘rinni, 3 nafar o‘qituvchi 2-o‘rinni, 4 nafar o‘qituvchi 3-o‘rinni egalladi. 2017 yil Jumaniyazova Gulnora Erkinovna "Yil ayoli” milliy tanlovi respublika bosqichida "Eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” nominasiyasi g‘olibi bo‘ldi.
   Xalq ta’limi tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, ta’lim-tarbiya sifatini oshirishdagi fidokorona xizmatlari uchun 1998 yilda "O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi”, 2016 yilda "O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil”, 2017 yilda "O‘zbekiston Konstitusiyasiga 25 yil”, 2019 yilda "Mo‘’tabar ayol” esdalik va ko‘krak nishonlari hamda 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan, "Sog‘lom turmush” medali bilan munosib taqdirlangan.

O'xshash yangiliklar